FVV tizimidagi Toshkentda joylashgan harbiy qismlarning birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan 24 yashar samarqandlik yigit vafot etdi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, Urgut tumani “Mingtepa” mahallasida yashagan yigit Toshkentdagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan vaqtida, ya’ni 27-iyun kuni prevmoniya kasalligidan vafot etgan. Ammo marhumning oila a’zolari bunga shubha bildirmoqda.

“26-iyun kuni ukangizning mazasi yo‘q, harbiy gospitalga tushib qoldi, kelmasangiz bo‘lmaydi, deb komandiri telefon qildi. 24-iyun kuni tushlikdan keyin [ukam] bilan gaplashgan edik. Sog‘lig‘idan shikoyat qilmagandi. Shifokor ko‘karib ketgan holatda keldi, deyapti. Pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Komandirlari birdaniga o‘zidan ketib qoldi, deyishdi. O‘zidan ketish jarayoni, harbiy gospitalga kirib borishi [aks etgan] videotasvir kerak bizga. Shu bilan qiziqyapmiz”, — deydi marhumning akasi.

Uning aytishicha, ukasi o‘z ajali bilan vafot etmagan.

“Salomatligidan hech qanday shikoyat qilmagan, shifokor ko‘rigida turmagan, voyenkomatdan yaxshi o‘tgan. Ukamning bel sohasida shilinib ketgan joyi bor, rasm va videoga olganmiz. O‘z ajali bilan o‘lmagan-da. Nimadir bo‘lgan, bizdan yashirishyapti. Yuz sohasida barmoq izi bor, og‘izning ichida yirtilish bor. Ukam harbiy xizmatdan kelganidan keyin to‘yini qilamiz, degan yaxshi niyatlarimiz bor edi. Kuyovlik nasib etmadi”, — deydi marhumning akasi.

Respublika Harbiy prokurorining katta yordamchisi Sherzod Hayitov marhum Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘taganini ma’lum qildi.

“Hozirda holat yuzasidan Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv harakatlari nazoratga olingan”, — dedi Sherzod Hayitov.