Toshkentdagi Botir Zokirov (Abay) va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurilishi mumkin. Uni qurish “zaruriyati” haqida payshanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtni aylana turib, “ta’kidladi”, deya xabar berdi davlat rahbarining matbuot xizmati.

Xabardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtibos: “Davlatimiz rahbari bu yerda bo‘lib, piyodalar va avtomobillar uchun sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Kelgusida harakat yanada ko‘payishini inobatga olib, Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish, piyodalar yo‘laklarini qulaylashtirish zarurligini ta’kidladi” (rus tilidagi xabarda faqat yo‘l harakati qulayligini oshirish haqida gap borgan).

“Gazeta.uz” prezident e’tiborini jalb qilish va mazkur qaror bahs-munozarali ekani hamda uni jamoatchilik va mutaxassislar, shu jumladan, arxitektorlar, shaharsozlar, transport muhandislari bilan majburiy muhokama qilish zarurligini qayd etishni muhim deb hisoblaydi.

Nima uchun bu bahsli qaror?

1. Prezident matbuot xizmati xabaridan olingan yuqoridagi qisqa iqtibos qarama-qarshi ma’nolarni o‘zida jamlagan bo‘lib, eskirgan yondashuvlar va stereotiplarni aks ettiradi. Aniqroq aytsak, ko‘chalarda oshib borayotgan tirbandlikni yengish uchun yo‘l o‘tkazgichlar zarurligiga bo‘lgan ishonchdir. Ham jahon, ham mahalliy tajriba bunday fikrning noto‘g‘ri ekanligini isbotlab bergan.

2. Yil boshida Toshkent hokimligi shahar transport infratuzilmasini takomillashtirish va raqamli yo‘l harakatini boshqarish tizimini joriy etish bo‘yicha prezident farmoni loyihasini e’lon qilgandi. “Gazeta.uz”ga hujjat ko‘plab oylar mobaynida ishlab chiqilgani ma’lum. U ilg‘or va zamonaviy takliflar tufayli ilgari qabul qilingan hujjatlardan juda katta farq qiladi. Qaror shu bilan qabul qilinmay qolib ketdi.

Hujjatda yo‘l o‘tkazgichlar ortib borayotgan trafik va tirbandlikni yengishga yordam bermasligi tan olingan. So‘zma-so‘z aytsak: “Shahar ichida quriladigan barcha yo‘l o‘tkazgichlar keyingi chorrahalarda transport oqimini keskin oshib ketishi va tirbandliklarni yuzaga keltirishga sabab bo‘lmoqda”.

Keyingi jumla: “Ushbu omilni inobatga olgan holda hamda ilg‘or xalqaro tajribalardan kelib chiqib, shahar markaziga keladigan transport oqimlarini cheklash, ularni aylanma yo‘llarga yo‘naltirish natijasida yo‘llardagi transport harakat tezligini keskin kamayib ketishi va katta tirbandliklar hosil bo‘lishini oldi olish mumkin bo‘ladi”.

Hujjatda Toshkent halqa yo‘li ichida yo‘l o‘tkazgichlar qurilishini taqiqlash, yirik ma’lumotlar va sun’iy intellektga asoslangan ilg‘or yechimlarni joriy etish, jumladan, transport oqimlarini soddalashtirish uchun aqlli svetoforlar, tezlikni pasaytirish orqali harakatni tinchlantirish, yuk mashinalari harakatini cheklash, jamoat transportini rivojlantirish va boshqalar taklif etilgan.

Ushbu chora-tadbirlar, hisob-kitoblarga ko‘ra, tig‘iz soatlarda avtomobillar harakatini tezlashtirish, markazdagi yo‘lovchi transport vositalari sonini 20 foizga kamaytirish, yo‘l tarmog‘ining sig‘imi va yuk ko‘tarish qobiliyatini oshirish, atmosferaga zararli chiqindilar chiqishini kamaytirishga mo‘ljallangan edi.

Taklif etilayotgan yo‘l o‘tkazgichni qurish yuqorida aytilganlarning barchasiga ziddir. Barcha rivojlangan mamlakatlarda shahar markazlarida transport oqimlari cheklangan, ko‘paymaydi.

3. Mazkur bayonot O‘zbekiston prezidenti tomonidan bir necha yil avval e’lon qilingan yo‘l harakati tizimida piyodalarning ustuvorligi tamoyiliga ziddir: “Piyodalar — velosipedchilar — jamoat transporti — shaxsiy avtomobillar”. “Bizning yo‘llarimizda transport vositalariga ko‘p ustuvorlik berilgan. Aslida piyodalar harakatini, odamlarning halovati, salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yish kerak”, — degandi o‘shanda Shavkat Mirziyoyev. Ushbu tamoyil yo‘l harakati xavfsizligiga oid keyingi barcha normativ-huquqiy hujjatlarda qayd etilgan, biroq amalda unga rioya qilinmagan.

4. Shaharni loyihalashtirishning zamonaviy amaliyoti ko‘chani transport maydoni sifatida emas, balki turli xil funksiyalar va ko‘cha faoliyatini o‘zida mujassam etgan shahar hayoti maydoni sifatida ko‘radi. “Bu kafelar, do‘konlar, restoranlar, umuman jamoat joylari, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha ehtiyojlardir. Bular piyodalar, o‘z ishlariga shoshilayotgan yoki sayr qilayotgan talabalar, nafaqaxo‘rlar, yosh bolali onalar — shu yerda qondiriladigan foydalanuvchilarning ko‘plab shahar portretlari va ularning har birining ehtiyojlari maskanidir”, — deb yozgandi 2018-yilda “Gazeta.uz” uchun kolonkasida transport bo‘yicha loyihalashtirish sohasidagi mutaxassis Ilya Petushkov.

Yo‘l o‘tkazgichlar o‘z atrofida ulkan o‘lik makon yaratadi, aslida u jonli bo‘lishi va odamlarni o‘ziga jalb qilishi mumkin. Qurilish paytida atrofdagi daraxtlar kesilib ketishi mumkin, piyodalar yo‘lakchalari ham qaytadan qilinadi. Shu bilan birga, chorraha yaqinida joylashgan tarixiy binolar bilan nima sodir bo‘lishi ham noma’lum.

“Uch tomonida beqiyos tarixiy binolar joylashgan ushbu chorraha va yo‘l o‘tkazgich shunchaki ularning buyukligi, ko‘rki va ko‘rimliligini “o‘ldiradi”, — deb hisoblaydi “Toshkent haqida maktub” sayti asoschisi Yevgeniy Sklyarevskiy.

5. Yo‘l o‘tkazgichlar transport kesishmasining eng qiyin va eng qimmat yechimidir. Mutaxassislar shunday deyishni yoqtirishadi: “Chorraha o‘rniga yo‘l o‘tkazgich qurish — bu tirbandlikni 100 metr oldinga sudrab borishning eng qimmat usulidir”.

Shu sababli, tajribali va savodli mutaxassislar, shu jumladan mustaqil mutaxassislarni jalb qilgan holda, bunday qaror qanchalik to‘g‘ri ekanligini diqqat bilan tushunish, shuningdek, ushbu qarorni amalga oshirish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tahlil qilish zarur. Yo‘l o‘tkazgichni qurish va uni yillik saqlab turish uchun sarflanadigan mablag‘lar muhimroq loyihalar uchun sarflanishi mumkin.

So‘nggi yillarda Toshkent (Sobiq TAPOiCh zavodi oldidagi uch qavatli o‘tish yo‘li, Shota Rustaveli va Muqimiy ko‘chasidan o‘tgan yo‘l o‘tkazgich, hozirgi “Navro‘z” bog‘i oldidagisi, “Ganga”dagi chorraha) va boshqa shaharlarda (Samarqand, Urganch) qurilgan ko‘plab chorrahalar haydovchilar va (ayniqsa) piyodalar hisobga olinmaganligi va noqulayligi bilan ajralib turadi.

6. Prezident topshirig‘i bilan Toshkent uchun ko‘p yillar oldin amalga oshirilishi kerak bo‘lgan minglab katta va ayniqsa katta sig‘imli avtobuslarni xarid qilish aholiga transport xizmatini ko‘rsatishni tubdan yaxshiladi. Ajratilgan yo‘laklar, barqaror transport jadvali va konditsionerlar ilgarigi tor, issiq va tutunli minibusdan ko‘ra taksini afzal ko‘rgan ko‘plab aholini jalb qila oldi. Bu to‘g‘ri yechim va talabni boshqarish usulining yaqqol namunasidir — odamlarga yaxshiroq muqobil transport taklif qilindi va ular shuni tanladilar.

Rasmiylar oldinga borishlari va “tramvay”so‘zidan qo‘rqishni to‘xtatishlari kerak. Bu so‘z (yoki, ehtimol, zamonaviyroq va jozibalirog‘i — LRT) kun tartibiga qaytishi lozim. Davlat idoralari va mutaxassislari tashabbus bilan chiqishdan qo‘rqib, prezidentning o‘zi e’lon qilishini yillar davomida kutishgan — aslida bunday bo‘lmasligi kerak. Tramvayning yo‘q qilinishi unga sun’iy ravishda yuklatib qo‘yilgan muammolarning birontasini hal qilmadi. Shahardagi vaziyat yomonlashsa, yomonlashdiki, yaxshilanmadi. Agar Toshkent zamonaviy shahar bo‘lishni istasa, LRT masalasi barcha kanallar orqali zudlik bilan muhokama qilinishi kerak.

Navoiy — Botir Zokirov chorrahasi o‘z vaqtida barcha yo‘nalishlarda tramvay va trolleybuslar oqimini mukammal tarzda uddalay olgandi.

Shoshilinch vaqtinchalik chora sifatida, amalga oshirish va’dalari bir necha yillardan beri yangrayotgan, Beruniy — Navoiy — Shota Rustaveli ko‘chalari bo‘ylab BRTdan boshlash mumkin. Ko‘chalarni tirbandlikdan faqat rivojlangan jamoat transporti, avtomobillar sonini cheklash, piyodalar va velosipedchilar uchun sharoit yaratish qutqaradi (faqat allaqachon qurilgan beton veloyo‘laklar emas).

7. Muhokama qilinayotgan chorraha yaqinda to‘liq rekonstruksiya qilingandi. Loyihaga (kech bosqichda) Arkadiy Gershman va transport muhandisi Aleksandr Devyatkin loyihaga jalb qilingandi. Chorraha ushbu yo‘lning boshqa chorrahalari singari, aqlli svetoforlar bilan jihozlangan. “Gazeta.uz”da mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, rekonstruksiya qilingan chorrahalarda yo‘l-transport hodisalari deyarli uchramayapti va ularning o‘tkazuvchanligi rejalashtirilganidek oshdi.

2022-yilda aynan “Gazeta.uz”ning prezidentga murojaat Navoiy ko‘chasini shossega aylanib qolishidan qutqarib qoldi va mansabdorlarni rekonstruksiya loyihasini to‘liq qayta ko‘rib chiqishga undadi.

Umid qilamizki, ushbu murojaat ham davlat rahbariga yetib boradi va loyiha qayta ko‘rib chiqiladi, undan ham yaxshisi — butunlay bekor qilinadi, chunki shahar markazida ko‘p darajali yo‘l o‘tkazgichlarga o‘rin yo‘q. Yuz minglab odamlarning hayotiga bevosita ta’sir qiladigan qarorlar shu odamlarning o‘zlari bilan muhokama qilinishi kerak.

Iyul oyi boshida Shavkat Mirziyoyev poytaxtda bo‘lib o‘tgan saylovoldi tashviqotida so‘zga chiqib, Toshkentda “ilg‘or xorijiy tajriba asosida” tirbandlik kuzatilayotgan ko‘chalarda 12 ta yo‘l o‘tkazgich qurilishi haqida gapirgandi. “Gazeta.uz” rasmiylar qurilishi rejalashtirilayotgan joylarni oldindan e’lon qilishi va ularning har biri bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazishlari shart deb hisoblaydi.