Dilshod Sur’atovich Azimov “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqdagi qaror 13-iyul kuni O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qabul qilindi.

Dilshod Azimov o‘tgan yillarda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

“Gazeta.uz” 11-iyul kuni mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining avvalgi raisi Sohib Saifnazarovni ishdan bo‘shatgani haqida yozgandi. U bu lavozimda 2019-yildan beri ishlab kelayotgan edi.

2020-yilda tashkil etilgan “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati mamlakatda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya to‘laligicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli.