9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston prezidenti etib qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining shanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida qasamyod qabul qilib, davlat rahbari lavozimiga qayta kirishdi. Marosim jonli efirda uzatildi.

O‘zbekiston prezidentining muddatidan oldin o‘tkazilgan saylovida ovoz berishning yakuniy natijalariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 87,05% ovoz bilan g‘alaba qozondi. Robaxon Mahmudova 4,43%, Ulug‘bek Inoyatov 4,02%, Abdushukur Hamzayev 3,74% ovoz to‘pladi.

inauguratsiya, сайлов-2023, шавкат мирзиёев

Inauguratsiya Senatning yangi binosida (O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining sobiq binosi) bo‘lib o‘tdi. Marosim boshlanishidan avval Senatning katta majlislar zaliga joriy yilning oktabr oyida tasdiqlangan shtandart (bayroq) va prezident belgisi kiritildi.

So‘ng Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Qur’oni Karimga qo‘lini qo‘ygan holda qasamyod qildi.

inauguratsiya, сайлов-2023, шавкат мирзиёев

Konstitutsiyaning 92-moddasiga binoan, prezident quyidagi so‘zlarni aytdi:

“O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”.

Uning ortidan qarsaklar yangradi.

“Menga yuksak ishonch bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylagan barcha yurtdoshlarimga yana bir bor chin qalbimdan samimiy minnatdorchilik bildiraman. Muqaddas Vatanimiz timsoli va mustaqilligimiz ramzi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘iga, madhiyamiz va gerbimizga, menga topshirilgan Prezidentlik Oliy nishoni va bayrog‘iga yuksak hurmat bajo keltiraman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident hozir inauguratsiya nutqini bilan chiqish qilmoqda.