Dushanba kuni O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi muddatidan ilgari prezident saylovi natijalarini e’lon qilib bo‘lgach, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar, jumladan OAV vakillari bilan fikr almashdi.

Anjumanda “Amerika Ovozi” muxbiri Navbahor Imomova komissiya a’zolariga ikkita savol bilan murojaat qildi, unga esa MSK raisi Zayniddin Nizomxodjayev, uning o‘rinbosari Bahrom Kuchkarov, MSK kotibi Xudoyor Mamatov va a’zosi Sherzodxon Qudratxo‘ja javob berishga urinib ko‘rdi. “Gazeta.uz” ushbu savol-javobni to‘lig‘icha taqdim etadi.

“Qanchalik mustaqilsiz?”

мск, навbahoр имомоva, saylov-2023

Navbahor Imomova:

— Biz xalqaro OAV sifatida imkon qadar O‘zbekiston haqida xolis axborot berishni xohlaymiz, vaziyatga oq va qora ranglarda qaramaymiz. Shu bois ham mana bir haftadan beri jamoatchilik fikrini o‘rganib yuribmiz. Va biz gaplashgan o‘zbekistonliklar, o‘nlab odamlarni nazarda tutyapman, ular yangi yoki demokratik O‘zbekistonda emas, real O‘zbekistonda yashayotganini aytadi. Ular yashayotgan O‘zbekistonda aholining 80−90 foizi ovoz berishga chiqmayapti, ular 80−90% hukumatning siyosatini qo‘llab-quvvatlamayapti. Ular prezident Mirziyoyevdan minnatdor, uni har bir yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlamasada, unga ovoz berishga hozir ekanliklarini aytishdi. Lekin ular yashayotgan O‘zbekistonda tanlash imkoniyati cheklangan, siyosiy muxolifat yo‘q, [lekin] ular buni xohlashadi.

Mana shu saylovchilar sizning organingizga (MSK — tahr.) demokratik institut yoki mustaqil komissiya sifatida qarashmaydi. Ular hatto kecha ham, bugun ham “komissiyaning bizga chiqib, biz haqimizda aytayotgan gaplarini ko‘p jihatdan yolg‘on va hurmatsizlik deb hisoblaymiz, chunki bizning ichimizdagi gaplarni aks ettirmayapti”, deb aytishdi.

Siz bunga qanday reaksiya bildirasiz, o‘z rolingizni qanday ko‘rasiz, islohotlarning yettinchi yilida MSK nimasi bilan boshqacha? Masalan, Islom Karimov paytida ham shunga o‘xshash e’lonlar bo‘lgan, hozir qanday ishlaysiz va qanchalik mustaqilsiz?

мск, навbahoр имомоva, saylov-2023

MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Kuchkarov:

— Komissiyangiz mustaqilmi deganingizga [javob bersam]. Endi biz o‘zimizdan kelib chiqib gapirsak, biz mustaqil emasmiz, demaymiz. Sababi biz mana faoliyat yuritgan bo‘lsak, hali hech kim kelib bizga bir tazyiq o‘tkazib, bizga bir ko‘rsatma bergani yo‘q. Biz qonunga itoat qilamiz, biz qonunni ijro qilamiz. Konstitutsiyada va saylov kodeksida belgilangan vakolatdan kelib chiqib faoliyat yuritamiz. Agarda kimdadir qandaydir fakt bo‘lsa, kimdadir fikr bo‘lsa u o‘zini fikri. Biz qanday faoliyat olib borganimizni o‘zimiz bilamiz. Albatta, bu faoliyat mustaqillik asosiga quriladi. Saylov organi hamma joyda mustaqil. Hali hech kim “mustaqil emas”, deb e’tiroz bildirgani yo‘q.

мск, навbahoр имомоva, saylov-2023

MSK kotibi Xudoyor Mamatov:

— Muhtaram jurnalistimizga iltimos bo‘lardi, siz “O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbatlashdim va bu jamiyat fikri” deb aytayotganingizda bu fikr albatta xolis, betaraf bo‘lishi va haqiqiy jamiyat vakillarining fikrlarini aks ettirishi kerak. Agarda biz bugun jamiyatning, fuqarolarimizning haqiqiy fikrini ko‘rmoqchi bo‘lsak kechagi saylov hammasini yorqin ko‘rsatdi. O‘zbekiston fuqarolari mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosatni mamlakatning ochiqlik va oshkoralik siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini saylovda o‘zi namoyon etdi.

Qolaversa, siz aytdingiz, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi xulosalarida har doim ham MSKni tanqid qilib o‘tadi, ko‘p ham tan olavermaydi, deb. Agarda xabaringiz bo‘lsa, xulosalar bilan tanishgan bo‘lsangiz, 2019-yil parlament saylovlari natijasiga ko‘ra, 2021-yil prezident saylovi natijalariga ko‘ra va yaqinda bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra bergan byuro missiyasining xulosalarida MSK faoliyatiga, uning ochiq va oshkoraligiga juda ham ijobiy baho berilgan. Mamlakatda tashkil etilgan saylov jarayoni ham, referendum jarayoni ham eng asosiysi xalqaro saylov standartlariga muvofiq ekanini e’tirof etgan holda, ayrim ularning nazarida, bizning saylov qonunchiligimizda mavjud bo‘lgan, lekin xalqaro standartlarda implementatsiya qilish kerak va bundan keyin yanada rivojlantirish kerak bo‘lgan nuqtai nazar yuzasidan takliflarni ham bergan.

Shuning uchun, mana bu auditoriyada o‘tirgan, kecha mamlakatimizda ochiq-oshkora o‘tkazilgan saylov jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan, ayniqsa, saylov uchastkasida uni kuzatgan salkam 800 ga yaqin xalqaro missiyalar, xorijiy davlatlarning vakillari, kuzatuvchilarimiz OAV orqali o‘z fikrlari va xulosalarini berib bordi va ularning aksariyati — deyarli barchasi ijobiy xulosa. Shuning uchun biz hamma OAVdan, o‘zlarining fikrlarini bildirishda erkinlar albatta, shu erkinlikka amal qilgan holda xolislik va betaraflik tarafdan chetga chiqmasliklarini iltimos qilardik.

“Komissiya YeXHT missiyasi hisobotini e’tirof etmaydi”

Navbahor Imomova:

— YeXHT (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) hamisha siz aytgan gapning aksini hisobot sifatida beradi. Lekin bu komissiya u hisobotni ko‘p jihatdan e’tirof etmaydi. “Bizda demokratik saylovlari o‘tdi, hammasi risoladagidek”, deb aytasiz. Ular esa “asosiy demokratik talablar bajarilmadi, to‘g‘ri ozgina progress bor va biz ishlayapmiz” deb aytadi. Shu yerda hamkorlik tugaydi, ya’ni undan keyingi saylovgacha yana bu mavzu yopiq. Qandaydir progress bo‘lish kerakku, to‘g‘rimi?

мск, навbahoр имомоva, saylov-2023

MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev:

— YeXHT DIIHBning saylovlarda ishtirok etib, bergan barcha tavsiyalarini hozirgi kunda va oxirgi 5−6 yilda ularga qat’iy e’tibor qilingan holda saylov qonunchiligimizga implementatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Agarda aniq raqamlarga to‘xtaydigan bo‘lsam, mana shu davrda byuro tomonidan 30 ga yaqin tavsiyalar va takliflar kiritilgan. Bugungi kunga kelib ularning 20 dan ziyodi saylov qonunchiligimizga implementatsiya qilindi.

Mana shu jarayonni saylov qonunchiligi, milliy qadriyatlarimiz va saylov tajribamizga tayangan holda hamda qonunchiligimizni takomillashtirish borasida maxsus ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhi juda ham salohiyatli olimlar, xalqaro tashkilotlarning ekspertlarini jalb qilgan holda bugungi kunda o‘rganishlar olib borilmoqda va ular davom etadi. Yangilangan Konstitutsiyamiz talablari asosida ham bu ishlarimiz yaqin kelajakda davom etadi. Men o‘ylaymanki, biz mana shu byuroning bergan takliflarining maqbullarini aynan saylov qonunchiligimizga implementatsiya qilamiz.

Men kirish so‘zimda ham aytdim, mana shunday muloqotlar, xususan, mana bu muddatdan ilgari bo‘lib o‘tgan prezident saylovida ham xalqaro tashkilotlarda bizning saylovimizni kuzatishga kelgan missiya a’zolari bevosita joylarda va MSK bilan uchrashuvlar davomida tayyorgarlik ko‘rish ishlarimizdan olingan ma’lumotlarga asosan saylov jarayonlari yuksak demokratik talablar asosida takomillashtirilganini e’tirof etishdi. OAV, gazeta va jurnallar, intervyularda ham ular o‘zlarining fikrlarini aytib o‘tishdi.

“Byuroni biz oliy hakam deb hisoblay olmaymiz”

MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Kuchkarov:

— O‘zbekiston aholisi 36 million, saylovchilari 22 million, demak hammaning ham fikri har xil bo‘lishi mumkin. Kechagi saylovda nafaqat televideniye orqali, balki uchastkalarga borib ham biz faollikni ko‘rdik. Faollik bu kimga ovoz berish emas, birinchi navbatda bizga mana shu saylovchilarni faolligi saylovga qiziqishini namoyon qildi. Mana shundan xulosa qilsak bo‘ladi. Ikkinchidan, albatta (YeXHT DIIHB) byuroning tavsiyalari olinmadi desak noto‘g‘ri bo‘ladi.

Tavsiyalar olinyapti, agar biz yangilangan Konstitutsiyaga qaraydigan bo‘lsak, mana shu muomalaga layoqatsiz deb topilgan insonlarning saylov huquqlarini cheklash olib tashlangani, mahkumlarning saylov huquqi cheklovi olib tashlangani va saylov tizimida qilingan o‘zgarishlar, bu ham mana shu byuroni tavsiyalarini aks ettiradi. Byuro bir necha yillar davomida mana shuni gapirgan edi. Mana yangilangan Konstitutsiyada o‘z aksini topdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston mana shu bizning bergan xulosalarimizdan kelib chiqib, o‘zgarishlarni qonunchilikka kiritdi, deb byuro ham o‘z xulosalarida tan olgan.

Biz byuroni oliy hakam deb hisoblay olmaymiz, chunki [saylovni kuzatayotgan] boshqa missiyalar ham bor. Albatta, byuro bilan birga ishlaymiz, hamkorligimiz bor, buni byuroni o‘zi ham ta’kidlagan va albatta bu bir kunlik ish emas. Bosqichma-bosqich o‘zgarishlar kiritib borilyapti va O‘zbekiston, albatta, o‘ziga ma’qul bo‘lgan o‘zgarishlarni va tavsiyalarni qabul qilib, qonunchilikka kiritib, implementatsiya qilib boryapti. Bu yerda bir narsani hisobga olishimiz kerak. Bu yondashuvda O‘zbekistonning o‘zini qonunchilik tizimi xususiyatlari bor, o‘z siyosiy madaniyati bor, o‘z huquqiy madaniyati bor. Mana shu nuqtai nazardan balki [tavsiyalarni] qabul qilganimiz to‘g‘ri bo‘lar.

“Biz saylovni YeXHTga yoqish uchun o‘tkazmaymiz”

мск, навbahoр имомоva, saylov-2023

MSK a’zosi Sherzodxon Qudratxo‘ja:

— Men media nomidan gapirmoqchiman, o‘zim Milliy media birlashmasi raisiman. Navbahor Imomovani anchadan beri bilaman. Lekin ikki faylasuf bahslashganda Suqrot aytgan ekan “Menga haqiqat birinchi o‘rinda”, deb, shuning uchun gapimga xafa bo‘lmaysiz. Siz kecha Amerika yashaysiz, kecha keldingiz, ko‘rdingiz, nari borsa 20−30 ta odam bilan gaplashgandirsiz. Biz shu mamlakatda yashaymiz, men o‘zim kecha universitet (O‘zJOKU)da kun bo‘yi bo‘ldim. Universitetdagi saylov uchastkasiga 3000 dan ortiq odam keldi. Undan tashqari boshqa joylarga borib ko‘rdim. Men shu mamlakatda yashayman, shu joyda yuribman, odamlarni kayfiyati mutlaqo boshqacha. Shuning uchun mana hozir birinchi ma’muriyat — Karimov davri bilan taqqoslandi, ochiq gapirishimiz kerak. Ikkinchisi, 1999-yildan beri MSK matbuot markazida ishlaganman, shuning uchun taqqoslashga haqqim bor, ham tajribam bor. [Hozirda] O‘zbekistondagi saylovlar mutlaqo boshqacha. Buni xalq ko‘rib turibdi.

YeXHT [saylovga] kelgan 15 ta tashkilotning bittasi. Mana bu yerda MDHdan [komissiya] o‘tiribdi, musulmon mamlakatlaridan o‘tiribdi, butun dunyo O‘zbekistonda. YeXHT eskitdan shunday qolipda yozgan, man ba’zida hayron qolamanki, YeXHT faqat raqamlarni o‘zgartiradi. Endi O‘zbekiston mustaqil suveren davlat — o‘zimizni qoida bor, o‘zimizni Konstitutsiya bor. Biz saylovni YeXHT yoki boshqa falon tashkilotga yoqish uchun o‘tkazmaymiz. Mana (ekrandagi saylov natijalarini ko‘rsatib) raqamlarga e’tibor beringlar — mana shu real O‘zbekiston. Mana kecha bizda deyarli shunga yaqin raqamlar bo‘ldi. Masalan, bizning universitetimizga 89 foiz odam keldi, 83,5 foizi [Shavkat Mirziyoyevga] ovoz berdi.

Mana eshitdik, Jizzaxda balandroq bo‘lgan, Toshkentda pastroq. Chunki Toshkent megapolis, aholisi sal siyosatdan uzoq, ularning hamma narsasi bor. Surxondaryoda ovoz balandroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Navbahor Imomovani hurmat qilaman, lekin ko‘chada gaplashgan 20−30 nafar odam — odamlar har xil tabaqalari bor, xafa odamlar bo‘lishi mumkin, kayfiyati yo‘q bo‘lishi mumkin yoki raqib, muxolif fikrlashi mumkin. Lekin umuman olganda, O‘zbekiston aholisi 7 yil ichida islohotlarni ko‘ryapti va shu raqamlar man uchun juda real. 1999-yildan MSKda Najmiddin Komilov (1999−2001 yillarda rais), Abdurafiq Ahadov (2001−2004-yillarda rais), Bo‘ritosh Mustafoyevlar (2004−2005-yillarda rais) bilan ishlaganman. Ikkita saylov o‘tkazgan odam sifatida aytaman, bugungi MSK bemalol (mustaqilligi nazarda tutilmoqda — tahr.). Chunki biz bu yerda o‘tiribmiz, gaplashyapmiz, menga ham so‘z berildi, men oddiy a’zoman. Bundan tashqari, bu zalda Navbahor Imomovaga o‘xshagan tanqidiy savollar berilyapti va bularga javob qaytarilyapti, buning uchun ertaga hech kim javobgar bo‘lmaydi. Biz erkinlikni ko‘ryapmiz.

Bizda bunday reklama bo‘lmagan. Yaqinda Turkiyada bo‘ldim, ko‘rdim, o‘sha yerda ham juda qattiq bo‘ldi, ko‘chalar, ekranlarda reklama. O‘zbekistonda ham bu yil shunday bo‘ldi. Hatto plakatlar ko‘payib ketdi. Odamlarda tanlov bo‘ldi. Shuning uchun o‘ylaymanki bu saylovlarga o‘zimizning xalqimiz xolis va haqqoniy baho beradi. O‘zbekiston bosh sudyasi va bosh prokurori buni hal qiladi. O‘zbekiston ovoz berib, bu raqamlarda kim kim ekanligini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston MSK dushanba kuni prezident saylovining dastlabki natijalarini o‘qib eshittirib, unda O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev 87,05% ovoz bilan g‘olib bo‘lganini e’lon qildi.