O‘zbekistonda havo hafta davomida salqinroq bo‘ladi

Dushanbadan boshlab O‘zbekistonda kunduzgi havo harorati +33…+36 darajagacha pasayadi va bu harorat foni hafta oxirigacha saqlanib qoladi. Ayrim hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, shamol tezligi 20−22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Qozog‘iston O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan suv shartnomasini qayta ko‘rib chiqmoqchi

Qozog‘iston O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan Sirdaryo havzasining suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirmoqchi. Qozog‘iston tomoni O‘zbekistondan kelayotgan ifloslantiruvchi moddalar tufayli daryoning ekologik holati buzilganini bildirdi.

Qozog‘iston bilan chegarani belgilashga oid shartnoma ratifikatsiya qilindi

Shavkat Mirziyoyev imzolangan qonun bilan Qozog‘iston bilan chegarani demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilindi.

Toshkentda velosipedchilar ishtirokida yana ikkita YTH sodir bo‘ldi

Dam olish kunlari Toshkentda velosipedchilar ishtirokida yana ikkita YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda jabrlanuvchilar “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishdi. Ikkala holatda ham haydovchilar IIO xodimlari bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni SHHTga a’zo davlatlar rahbarlarining videoanjuman shaklidagi majlisida ishtirok etadi. Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Toshkentda mashina olib qochgan shaxsni to‘xtatish uchun o‘qotar qurol ishlatildi

Toshkentda avtomobil yuvish shoxobchasi xodimi mashina olib qochdi. IIO xodimlari gumonlanuvchini to‘xtatish uchun o‘qotar qurol qo‘lladi. Qurolni qo‘llash jarayonida hech kimga shikast yetmagani qayd etildi.

O‘zbekistonda suv va ichimliklarni markirovkalash yana keyinga qoldirildi

O‘zbekiston hukumati suv va alkogolsiz ichimliklarni majburiy markirovkalashni yana keyinga qoldirdi. Jarayon 2022-yil oktabr oyida boshlanishi rejalashtirilgandi, biroq avval 2023-iyulga, endi esa 2024-yilning martigacha surildi.

“Sijjak” va “Chotqol” dam olish maskanlari xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatidan chiqarib yuborildi

O‘zbekiston prezidenti o‘zining avvalgi qarorlariga o‘zgartirishlar kiritib, “Sijjak” va “Chotqol” dam olish maskanlarini xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Ilgari Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Sijjak” maskani bir necha bor sotuvga qo‘yilgan, lekin sotilmay qolgandi.

“Jipiriq, shunchalik ham aldaysanmi?” Shuhrat G‘aniyev hokimlarni qo‘shib yozganlik uchun tanqid qildi

Tarmoqlarda prezident maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev yig‘ilishda hokimlar va suv xo‘jaligi rahbarlarini qo‘shib yozish va sug‘orish ishlari sifatsiz olib borilayotgani uchun tanqid qilgan video tarqaldi. U prokuraturaga Qashqadaryo viloyatining uchta tumani hokimlarini jinoiy javobgarlikka tortishni buyurdi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola va fotoreportaj:

Ko‘chalar jinoyat joyiga o‘xshashi shartmi?

Toshkentdagi chorrahalar va piyodalar o‘tish joylari yaqinida odatda jinoyat sodir bo‘lgan joylar va qurilish maydonchalarini belgilashda foydalaniladigan tasmalar paydo bo‘ldi. Bu esa shaharning xavfli ko‘chalarini yanada xavfli ko‘rinishga olib keldi. Foto.

Pulning “ta’mi” dizayn bilan. Yangi so‘mlarning nimasi yomon va o‘zi chiroyli pullar qanday bo‘ladi?

O‘zbek so‘mining yangi banknotlari dizaynidan ko‘pchilik nolidi: o‘xshash ranglar va yopishib ketgan nollar sabab odamlar ularni adashtirib, qiynalyapti. Dizayner Azamat Shamuzafarov pulda dizaynning ahamiyati, tarixan bu masala qanday hal qilingani va yangi so‘mlarning kamchiliklari haqida hikoya qiladi.

Karimovning AQShga tabrigi, Toshkent-Moskva havo yo‘li, Rossiya matbuotining O‘zbekiston haqidagi yolg‘onlari. O‘zbek matbuoti 3-iyulda nimalar haqida yozgan?

90 yil avval nega Akmal Ikromov suvdan oqilona foydalanishni talab qilgan? 60 yil avval O‘zbekistonda qancha paxta terib olinishi kerak edi? 30 yil avval Rossiya matbuoti nega O‘zbekiston haqida yolg‘on axborot tarqatgan? Bu haqda “Gazeta.uz”ning “Eski gazetalar sharhi” ruknida o‘qing.