Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bayrami bilan tabrikladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

“Yer yuzidagi jamiki islom ummati qatori mehr-muruvvat, ezgulik va saxovat ramzi — muborak Qurbon hayitini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, barcha yurtimiz musulmonlarini, butun xalqimizni ushbu ulug‘ ayyom bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman”, — deyiladi tabrikda.

Prezident ushbu muqaddas bayram mohiyatida mujassam bo‘lgan tinchlik, do‘stlik va hamkorlik, insonparvarlik g‘oyalari bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirayotgan islohotlar, ulkan maqsad va vazifalarga uyg‘un va hamohang ekanini qayd etdi.

“Yurtimizdagi har bir mahalla, shahar va qishloqdagi tinchlik va obodlik, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda Qurbon hayiti singari azaliy bayram va qadriyatlarimizning o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda”, — dedi u.

Keyingi yillarda mamlakatda milliy va diniy qadriyatlarni rivojlantirish, vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotganiga urg‘u qaratgan davlat rahbari mana shu Qurbon hayiti kunlarida 15 ming nafar o‘zbekistonlikning Makkai mukarramada muqaddas haj ziyoratini ado etayotganini eslatib o‘tdi.

“Ularning barchasini bugungi ulug‘ ayyom bilan qutlab, Vatanimiz ravnaqi, el-yurtimiz tinchligi va farovonligi, oilalarimiz, farzandlarimizning baxtu iqbolini tilab qilayotgan duolari ijobat bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Hech shubhasiz, ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali xalqimizning ezgu orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, go‘zal yurtimizni yagona Vatan deb biladigan barcha millat va elat vakillarining urf-odat va an’analarini saqlash hamda rivojlantirishga biz bundan buyon ham alohida ahamiyat qaratamiz”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.

“Barchamiz birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan Yangi O‘zbekistonni, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaromiz tinch-osoyishta, erkin va farovon yashaydigan, tom ma’nodagi do‘stlik va bag‘rikenglik diyoriga aylantiramiz”, — deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident dunyoning uzoq-yaqin hududlaridagi barcha mo‘min-musulmonlarga samimiy tabriklarini yo‘llab, ularning mamlakatlari va xalqlariga tinchlik va taraqqiyot tiladi.

Davlat rahbari bu yil ham Qurbon hayiti munosabati bilan bir necha kundan iborat dam olish kunlari belgilanganini esga olib, bu “xonadonlarimizga, hayotimizga Iyd al-adhoning ezgulik nuri, chinakam bayram kayfiyatini olib kirishga xizmat qiladi”, deya ishonch bildirdi.

“Muqaddas maskanlar, ulug‘ ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilish, mo‘’tabar ota-onalarimiz, qarindosh-urug‘larimiz, yoru birodarlarimizni yo‘qlash, ko‘mak va yordamga muhtojlar holidan xabar olish, yurtimiz bo‘ylab sayohatlarni amalga oshirish uchun bu — yana bir qulay imkoniyat, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, -deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

“Siz, aziz yurtdoshlarimni, butun xalqimizni Qurbon hayiti bilan yana bir bor muborakbod etib, bayramni oila, do‘stlar va yaqinlar bilan birga fayzli va mazmunli o‘tkazishingizni tilayman”, — dedi prezident.