O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar-may oylarida gaz qazib olish hajmi 19,86 milliard kub metrni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga yoki 2,15 milliard kub metrga kamaydi. “Gazeta.uz” Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlariga e’tibor qaratdi.

Yanvar oyida 4,31 mlrd kub metr (2022-yil yanvariga nisbatan -7,5%), fevralda 3,85 mlrd (o‘tgan yilning fevraliga nisbatan -9%), martda 4,16 mlrd (-12,96%), aprelda 3,94 mlrd (-8,1%) gaz qazib olingandi.

May oyida qazib olish 3,6 mlrd gacha (-11,2%) kamaydi, bu o‘tgan yilning noyabr oyidan beri eng past oylik qazib olish hajmi hisoblanadi. Gaz ishlab chiqarish ketma-ket ikkinchi oy pasaymoqda.

Yilning dastlabki besh oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 foizga yoki 951,9 million kVt/soatga o‘sdi — 30,4 milliard kilovatt/soatdan 31,3 milliard kilovatt/soatgacha.

May oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish so‘nggi yillardagi rekord daraja — 7,3 milliard kVt/soatga yetdi, bu o‘tgan yilning may oyiga nisbatan 36,1 foizga ko‘p hisoblanadi. O‘tgan oylarda ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan past edi.

Qayd etish kerakki, mart, aprel va may oylari uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar Statistika agentligi tomonidan o‘sish tomoniga qarab qayta ko‘rib chiqilgan. Uch oylikning dastlabki va yakuniy ishlab chiqarish ma’lumotlari o‘rtasidagi farq deyarli 3,3 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Energetika vazirligi Statistika agentligi davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan stansiyalar (shu jumladan, quyosh fotoelektr stansiyalari) ko‘rsatkichlarini hisobga olmasligini ma’lum qildi.

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 85 foizdan ortig‘i gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi.

Besh oy davomida issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 7 foizga, ko‘mir 4,1 foizga, gaz kondensati 8 foizga kamaydi. Neft qazib olishning o‘sishi 3,1 foizgacha sekinlashdi (yanvar-aprelda 6,7 foizni tashkil etgan).

“Gazeta.uz” avvalroq tabiiy gaz uchun soliq stavkalari 3 barobar, neft va gaz kondensati uchun 2 baravar kamaytirilgani tufayli O‘zbekiston davlat budjetiga 2022-yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun 538,1 milliard so‘m kamroq soliq tushgani haqida yozgandi. Shu bilan birga, o‘tgan yili gaz qazib olish 4 foizga, gaz kondensati qazib olish esa 2,8 foizga kamaydi. Neft qazib olish esa atigi 1,8 foizga oshdi.

Avvalroq biz O‘zbekiston neft-gaz konlarida qaysi kompaniyalar ishlayotgani haqida batafsil ma’lumot bergandik. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Ozodlik” radiosi surishtiruviga javoban 294 ta konning 118 tasi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli ekanini, 176 tasida esa xorijiy kompaniyalar ishlashini ma’lum qilgandi.

2021-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, eng katta tasdiqlangan zaxiralar “O‘zbeknetfegaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvida edi — 934,1 milliard kub metr gaz (joriy zaxiralarning 50 foizi). “Lukoyl” 413,1 milliard kub metr (22,1 foiz), Uz-Kor Gas Chemical — 109,6 milliard kub metr (5,9 foiz), Surhan Gas Chemical — 106,6 milliard kub metr (5,8 foiz), Jizzakh Petroleum (hozirgi Saneg) 84,9 milliard kub metr (4,5%) gaz zaxiralari bo‘lgan konlarda ishlagan. Ishlab chiqarishning katta qismi ham “O‘zbekneftgaz” hissasiga to‘g‘ri kelgan.