Prezident tomonidan 16-iyun imzolangan qonun [O‘RQ-847-son] bilan ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi. Qonun Senat tomonidan 1-iyun kuni ma’qullagandi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchaga ko‘ra, shaxsiy tomorqasida band bo‘lgan yoki mazkur maydonda, issiqxona, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik bilan shug‘ullanayotgan tomorqa yer egalari yoki ularning oila a’zolari yerning maydoni yoki hayvon va parranda sonidan qat’i nazar o‘zlariga mehnat stajini hisoblashi uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin.

Ilgari yer 0,04 gektar, qoramol yoki 50 bosh parranda bo‘lsa ijtimoiy soliq to‘lashga ruxsat berilgan.

Shu sababli “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonundan yer uchastkasi va hayvonlar soniga qo‘yilgan talablar chiqarib tashlandi.

Qayd etilishicha, qonunni qabul qilinishi natijasida ijtimoiy soliq to‘lovida qo‘llaniladigan yengillashtiruvchi norma hisobiga 2023-yilda 8,2 mlrd so‘m mablag‘ soliq to‘lovchilar ixtiyorida qolishi, yollanma xodimlarga berilgan yengillik evaziga YATTlarning yollanma xodimlarining soni 50 ming nafarga yetishi va budjetga qo‘shimcha tarzda 21 mlrd so‘m mablag‘ tushishi kutilmoqda.