2023-yilning aprel oyida Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 31-maktabda ayol o‘qituvchilar kaltaklab, ularga jarohat yetkazgan erkak pedagoggi nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, hodisa videosi 18-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayollarga nisbatan kuch ishlatgan shaxs qo‘lga olingani ma’lum qilingan edi. Jamoatchilik ushbu hodisani qat’iy qoralagan, xususan, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bu voqeani ko‘rib, dahshatga tushganini bildirgan edi.

“Gazeta.uz” voqeaga nima sabab bo‘lganini aniqlashtirish maqsadida hodisa yuz bergan maktabning direktori va jabrlangan pedagoglardan biri bilan bog‘langandi.

2023-yil 16-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudida 35 yashar G. T. (31-maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.

Ta’kidlanishicha, G. T. Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topilgan. Jinoyat oqibatida ikki nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan ma’naviy va moddiy zararlar qoplangani hamda ularning sudlanuvchiga nisbatan da’vosi yo‘qligi inobatga olingan holda G. T.ga 1 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.

“Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Surxondaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, — deyiladi Oliy sud axborotida.