12-iyun kuni kechki payt Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi “Buyuk Ipak yo‘li” bozorida keng ko‘lamli yong‘in sodir bo‘ldi. Keyinroq yong‘in 4 soat davomida bartaraf etilgani haqida xabar berdik.

Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bozorda yonib ketgan do‘konlar 15 kun ichida qayta qurib beriladi.

Viloyat hokimligi matbuot kotibi Dilmurod Jumaboyevning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari 15 kunda yakunlanadi. Buning uchun yetarli quruvchilar jalb etilib, vaziyat nazoratga olinadi.

“Qurilish ishlari uchun tadbirkorlardan hech qanday mablag‘ olinmaydi. Barcha ishlar bozor ma’muriyati hisobidan qilinadi, buning uchun ma’muriyatga yetarli bank krediti taqdim etiladigan bo‘ldi. Hozirda zarar miqdorini aniqlash ishlari ketyapti”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘qon shahridagi “Buyuk Ipak yo‘li” bozorida yuz bergan hodisa soat 12-iyun kuni soat 19:17 da boshlangan, soat 19:25 da birinchi bo‘linmalar yetib borgan vaqtda savdo komplekclari ochiq alanga bilan yonayotgani aniqlangan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan ko‘rilgan harakatlar natijasida hudud 20:25 da qurshab olingan.

Soat 23:12 da vazirlik yong‘inni o‘chirish jarayoni aks etgan lavhalarni e’lon qildi. Bu paytda mahalliy Telegram kanallar yong‘in hali to‘liq o‘chirilmagani haqida xabar berdi. Soat 23:30 ga kelib, hodisa bartaraf etilgan.

Kun.uz muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, yuzdan ortiq tadbirkorning mol-mulklariga zarar yetgan. “Ichkarida 150−200 million so‘mlik mahsulotlarimiz bor edi, faqat 2−3 qop yukimizni olishga ulgurdik. Qolgani yonib ketdi, qo‘limizdan hech narsa kelmadi”, — deydi savdogarlardan biri.

Bosh prokuratura matbuot xizmati mazkur yong‘in bo‘yicha Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi. Viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.