O‘zbekiston aholisining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha 500 milliard so‘m, jumladan, Qoraqalpog‘istonda 20 milliard so‘m penya kechib yuboriladi. Bu haqda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Bu ikki soliq yagona mol-mulk solig‘iga birlashtirilib, aholidan undiriladigan qismi to‘liq mahallalar budjetiga o‘tkazilishi aytildi. Bu mahallalarning moliyaviy mustaqilligini oshiradi. Bu Qoraqalpog‘istondagi mahallalar ixtiyorida har yili 230 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoladi degani.

Shavkat Mirziyoyev mahallalar uchun “Ochiq budjet” loyihasi kengaytirilishi va buning uchun ajratilayotgan mablag‘lar 3 barobarga oshirilishini ham ma’lum qildi.

“Endi „Ochiq budjet“ loyihalari g‘olib bo‘lishi uchun 1,5 ming ovoz yetarli bo‘ladi va ushbu maqsadlar uchun yil yakuniga qadar yana 1,2 trillion so‘m ajratamiz”, — deb va’da berdi nomzod.