Shavkat Mirziyoyev 12-iyun kuni Nukusga tashrif buyurib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) prezidentlikka nomzod sifatida saylovchilar bilan ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

“Sizlarning oldilaringizda bitta narsaga va’da bermoqchiman. Xudo menga umr bersa, Xudo sihat-salomatlik bersa, jonajon xalqimga, buyuk elimga, buyuk Qoraqalpog‘iston eliga, faqat va faqat, mehnat qilish bilan kunim o‘tadi. Har safar aytaman, bugun ham aytmoqchiman: men faqat O‘zbekiston farzandi emas, Qoraqalpog‘istonning ham farzandiman, mana shunga munosib bo‘lish uchun harakat qilaman”.

“O‘zbekiston, Qoraqalpog‘istonning birini ikki qilish va jonajon vatanimizni har bir ovulini, har bir mahallasini, iloji boricha har bir insonni rozi qilish, inson qadrini buyuk siyosatga aylantirish bo‘yicha sizlar bilan biz juda katta ishlar qildik, bu ham adolatli haqiqat, agar kimdir adolatli hakam bo‘lsa, buni inkor qila olmaydi hech qachon”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev ayni damda qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. U o‘tgan yillar davomida qilingan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi: Qoraqalpog‘istonda 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilandi, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini 71 foizga yetdi, Orol dengizining qurigan hududi o‘rnida 1,8 mln gektar yashil o‘rmonzor barpo etildi, bog‘chalar qamrovi 28 foizdan 81 foizga, ularning soni esa 317 tadan 1 ming 600 taga ko‘paydi, 172 ta maktab mukammal ta’mirlangani, 104 ta maktabda qo‘shimcha binolar barpo etilgani hisobiga, 118 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi, Qoraqalpog‘istondagi oliygohlar soni 2 barobar ko‘payib, 12 taga yetdi, oliygohlarga qabullar soni esa 3,5 marta oshib, qamrov 19 foizdan 46 foizga o‘sdi. Hozirgi vaqtda bu yerda 58 ming talaba tahsil olmoqda.

“Albatta, qilingan ishlar haqida ko‘p gapirish mumkin, lekin islohotlarimiz natijasiga baho beradigan eng xolis hakam, bu — xalqimiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 30-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zlagan nutqida “bag‘rikeng, tanti, qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tayotgan qoraqalpoq xalqini e’zozlashini” ta’kidlagan edi. “Mehr va g‘urur bilan aytaman, men nafaqat O‘zbekiston, Qoraqalpog‘istonning ham farzandiman”, — degan edi prezident.