Silk Avia aviakompaniyasining “Toshkent — Samarqand” reysi yo‘lovchisi bortda sigaret chekkani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa 12-iyun kuni sodir bo‘lgan. 70 yoshli ayol samolyot hojatxonasida sigaret chekishni boshlagan. Tamaki mahsulotlari hidini sezgan bort kuzatuvchilari yo‘lovchiga samolyot bortida chekish qat’iyan taqiqlanganligini tushuntirishga harakat qilishgan. Bunga javoban ayol o‘z noroziligini bildirgan.

Bort kuzatuvchilari vaziyat haqida samolyot komandiriga xabar berishgan va komandir Samarqandga yetib kelgach, huquq-tartibot xodimlarini chaqirishga qaror qilgan. Samolyot bortida tamaki mahsulotlarini istemol qilgani uchun yo‘lovchiga nisbatan huquq tartibot organi xodimlari tomonidan BHMning 2 barobari miqdorida jarimani nazarda tutuvchi ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

Boshqa davlatlar qatori O‘zbekiston aviakompaniyalari samolyotlari bortida ham chekish qat’iyan man etiladi. Bu Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 122-moddasi 2-qismi bilan tartibga solinadi.

“Bundan tashqari, bortda chekish nafaqat boshqa yo‘lovchilar uchun yoqimsiz, balki juda xavfli ekanligini ham tushunish lozim. Bu samolyotda havfli tutun chiqishi va yong‘inga olib kelishi hamda aviahalokatga olib kelishi mumkin”, — deyiladi xabarda.