11-iyun soat 05:30 da Qoraqalpog‘istondagi Quyi Amudaryo biosfera rezervati inspektorlari tomonidan xalqaro va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati inspektorlariga rezervatning Jumurtov bo‘limi o‘tish zonasi fermer xo‘jaligi hududida o‘q ovozi eshitilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Inspektorlar voqea joyiga yetib borishganida, oq rangli Matiz avtomashinasi chiqib ketgani aniqlangan.

Ular mashina izidan quvib, Gurlan tumani “Dehqonobod” mahallasigacha borib, uni qo‘lga olishgan. Huquqbuzarning mashinasida qoplar borligi, ularga esa bir dona Buxoro bug‘usining bo‘laklangan jasadi solingani ma’lum bo‘lgan.

Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tergovchisi tomonidan protsessual tartibda ikki dona ov miltig‘i, bir dona Buxoro bug‘usi tana qismlari rasmiylashtirib olingan. Jonivorni noqonuniy ovlash orqali huquqbuzar tomonidan tabiatga 99 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Ish prokuraturaga yuborilgan, deyiladi xabarda.