Ozarbayjonning Boku shahrida taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi. MOQ matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar musobaqani 4 ta medal bilan yankuladi.

Turnirning ilk kunida olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitov bronza medaliga ega chiqdi. Ayollar o‘rtasida +73 kg vazn toifasida ketma-ket 2 bor jahon chempionatining finaliga yetib borgan Svetlana Osipova bu gal kumush medal bilan cheklandi.

Shuningdek, Feruza Sodiqova -62 kg vazn toifasida qatorasiga ikkinchi bor bronza medali bilan taqdirlandi.

Kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida debyut qilgan Omonjon Otajonov -54 kg vazn toifasida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda ham o‘zbekistonlik taekvondochilar Meksikadagi jahon chempionatini 4 ta medal: 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan yakunlagandi.