Singapur prezidenti Samarqandga poyezdda bordi

Singapur prezidenti Halima Yaqub Afrisoyob poyezdida Samarqandga yetib bordi. Unga O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova hamrohlik qilmoqda.

Alkogol va tamakini sotish yoshi oshirildi, maktab va do‘konlar orasidagi masofasi esa qisqardi

Prezident alkogol va tamaki mahsulotlari iste’molini cheklash to‘g‘risidagi qonunning yangi tahririni imzoladi. Qonun bilan ushbu mahsulotlarni 21 yoshgacha bo‘lganlarga sotish taqiqlandi. Maktablardan do‘konlargacha bo‘lgan masofa 100 metrgacha qisqartirildi. Elektron sigaretlarni tartibga solish boshlanadi.

Toshkentdagi xonadonlardan birining balkonidan Ukraina bayrog‘i olib tashlandi

Toshkentlik fuqaro kvartirasi balkoniga Ukraina bayrog‘ini ilib qo‘ygan edi. U yo‘qligida huquq-tartibot idoralari xodimlari kran bilan 8-qavatga ko‘tarilib, bayroqni olib tashlashdi. “Gazeta.uz” xonadon egasi bilan suhbatlashdi. U uy-joy daxlsizligi buzilgani yuzasidan IIBga murojaat qilmoqchi.

Toshkentda 21 yoshli yigit janjal sababli akasini pichoqlab o‘ldirdi

Mirobod tumanida 21 yoshli yigit janjal sababli akasining ko‘krak qafasiga pichoq urib, uni o‘ldirdi. Voqea joyidan yashiringan gumonlanuvchi ushlangan va tergov olib borilmoqda.

Markaziy bank 3 ta to‘lov tashkilotining litsenziyasini qaytarib oldi

MB 3 ta to‘lov tashkilotining litsenziyasini qaytarib oldi. Ular orasida tadbirkor Xurshid To‘rayevning TAPP Payment kompaniyasi ham bor, u bilan “Aloqabank” va Raqamli rivojlanish vazirligining ofis binolarini sotib olish bo‘yicha kelishuv avvalroq bekor qilingandi.

Qashqadaryoda ikki xotin bilan bir uyda yashagan 21 yoshli yigit 4 yilga uy qamog‘iga hukm qilindi

Qarshi shahrida 21 yoshli yigit 2004 va 2006-yillarda tug‘ilgan qizlar bilan umumiy ro‘zg‘or asosida er-xotin bo‘lib yashab kelgani uchun 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.

JSST rahbariga “O‘zbekiston sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni berildi

SSV rahbari Amrillo Inoyatov JSST rahbari Tedros Gebreyesusga “O‘zbekiston sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishonini topshirdi. Ular Jenevada o‘tayotgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi sessiyasi doirasida uchrashdi.

Toshkentda chiqindi moyni qayta ishlash zavodidagi yong‘inni o‘chirishga 8 ta ekipaj jalb qilindi

Toshkentdagi chiqindi moy mahsulotini qayta ishlash zavodida tunda kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Voqea joyiga 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yuborilgan. Qurbonlar yo‘q.

AQShning Air Products kompaniyasi Qashqadaryodagi gaz-kimyo majmuasini rivojlantirishga 1 mlrd dollar sarmoya kiritadi

O‘zbekiston hukumati va Air Products o‘rtasida Qashqadaryo viloyatidagi Uzbekistan GTL zavodi tarkibida sanoat gazini qayta ishlash zavodini rivojlantirish bo‘yicha 1 milliard dollarlik sarmoyaviy bitim imzolandi.

“Har bir maktab bitiruvchisi mehr va e’tiborda bo‘ladi” — prezident

O‘zbekiston prezidenti maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigida ularning har biri “el-yurtning mehr va e’tiborida bo‘lishini” ta’kidladi. U yoshlarni “tinimsiz o‘qib, zamonaviy bilimlarni egallashga, muntazam tajriba oshirishga va maqsad sari dadil harakat qilishga” chaqirdi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola va reportajlar:

2023-yil bitiruvchilariga murojaat

Vazirlar, muftiy, Eldor Shomurodov, Konsta, Doniyor G‘aniyev, hokim, diplomatlar, ekspertlar, san’atkorlar, sportchilar hamda jamoatchilikning boshqa faollari 2022/2023 o‘quv yili bitiruvchilariga o‘z maslahatlari va tilaklarini bildirishdi. “Gazeta.uz” ularni e’tiboringizga havola qiladi.

“Vals, ko‘zlardagi yosh, katta hayotga ilk qadam”. Maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq chalindi

25-may kuni O‘zbekistondagi 10 mingdan ko‘proq maktabda jami 392 ming o‘quvchi uchun qo‘ng‘iroq oxirgi marta chalindi. Qadrdon do‘stlar va ustozlar bilan xayrlashuv, konsert, vals, ko‘zlardagi yosh — “Gazeta.uz” maktablardagi so‘nggi kundan fotoreportaj tayyorladi.

Mirziyoyev qatnashgan oilaviy marosim, ichimlik chiqara boshlagan non kombinati, “ko‘zbo‘yamachilikka xotima berilsin”. O‘zbek matbuoti 25-mayda nimalar haqida yozgan?

90 yil avval o‘zbekistonliklar qanday film va spektakllarni tomosha qilishgan? 60 yil avval-chi — televizorni soat nechada yoqishgan? 30 yil avval seryog‘in maydagi sel va toshqinlardan jabrlangan andijonliklarga qanday yordam ko‘rsatilgan? Bu haqda “Gazeta.uz”ning “Eski gazetalar sharhi” ruknida o‘qing.