13-may kuni bo‘lib o‘tgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida partiya O‘zLiDeP bilan birgalikda Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Bloger Nurbek “Milliy tiklanish” yetakchisi Alisher Qodirovning plenumdagi nutqi matnini e’lon qildi.

Partiya o‘tgan parlament va prezidentlik saylovlarida oldiga dasturiy maqsad sifatida belgilagan 237 ta maqsaddan 143 tasi amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning sayi harakatlari natijasida amalga oshgan. Partiyamizning barcha faollari bilan maslahatlashgan holda muddatidan ilgari prezidentlik saylovlarida O‘zLiDeP bilan birgalikda amaldagi prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlash taklifini bermoqchiman”, — deya ta’kidlaydi deputat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi murakkab davr birlashishni talab qilmoqda. Biz amaldagi prezident atrofida mustahkam birlashib, ona vatanimiz qudrati va xalqimiz farovonligini taminlashning eng samarali yo‘lini topishimiz zarur”, — deydi Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, 12-may kuni Liberal-demokratik partiya (O‘zLiDeP) amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatgandi.

Shunday qilib, barcha partiyalar tomonidan prezidentlikka nomzodlarning nomlari aniqlandi. Ekologik partiyadan yetakchisi Abdushukur Xamzayev, Xalq demokratik partiyasidan — Ulug‘bek Inoyatov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan esa Robaxon Mahmudova nomzodi ilgari surildi.

O‘zbekistonda prezident saylovlari so‘nggi bor 2021-yil 24-oktabrda o‘tkazilgan. O‘shanda XDP nomzodi Maqsuda Vorisova 6,6%, “Milliy tiklanish” nomzodi Alisher Qodirov 5,5%, Ekopartiya nomzodi Narzullo Oblomurodov 4,1% va “Adolat” nomzodi Bahrom Abduhalimov 3,4% ovoz olgandi.

O‘zLiDeP nomzodi, amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 80,1% ovoz bilan g‘alaba qozongan.

Ma’lumot o‘rnida, 2022-yil may oyida O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” Konstitutsiyani isloh qilishni boshlash taklifini bildirgandi.