O‘zbekistonliklar Ramazon hayitida 4 kun dam oladi — prezident qarori

Ramazon hayitida o‘zbekistonliklar 4 kun — 21−24-aprel kunlari dam oladigan bo‘ldi. 24-aprel ko‘chirilgan dam olish kuni hisoblanmaydi, ya’ni 29-aprel 5 kun ishlaydiganlar uchun dam olish kuni bo‘ladi.

Bayram kunlari havo iliq va quruq bo‘ladi

O‘zbekistonda 20−24-aprel kunlari havo harorati iliq bo‘ladi. Mamlakat bo‘ylab quruq va asosan kam bulutli ob-havo saqlanib turadi. Barcha viloyatlarda haroratning ko‘tarilishi davom etadi.

Hayit namozi munosabati bilan Toshkentdagi ayrim ko‘chalarda transport harakati cheklanadi

21-aprel kuni Toshkent shahridagi 116 ta masjidda hayit namozi o‘qilishi kutilmoqda. Shu kuni soat 00:00 dan 07:30 gacha poytaxtning ayrim ko‘chalarida avtotransport vositalari harakati to‘xtatiladi (ro‘yxat).

Ramazon hayiti kunlari tibbiyot muassasalari uzluksiz ishlaydi — SSV

O‘zbekistondagi tibbiyot muassasalari 21−24-aprel kunlari ham uzluksiz ishlaydi. Mamlakat bo‘yicha 2755 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlar asosida kunu tun xizmat ko‘rsatadi.

Toshkentda 17 yoshli qizga hujum qilgan erkak ushlandi

Toshkent shahar IIBB 17 yoshli o‘quvchi qizga hujum qilgan erkak qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ushbu shaxs Samarqand viloyatida yashovchi 26 yoshli fuqaro bo‘lib chiqdi.

Hayit munosabati bilan Toshkentdan Xiva va Samarqandga qo‘shimcha poyezdlar harakatlanadi

Ramazon hayiti munosabati bilan Toshkentdan Xivaga 20 dan 23-aprelga qadar, Samarqandga esa 21-apreldan 24-aprelgacha qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yildi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Xitoy hududlari rahbarlari forumini o‘tkazishni taklif qildi

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “Markaziy Osiyo — Xitoy” tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas’ul vazirlarning birinchi yig‘ilishida 2023-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonda Markaziy Osiyo va Xitoy hududlari rahbarlari forumini o‘tkazishni taklif qildi.

O‘zbekistonda aholiga 500 tonna elita kartoshka urug‘i bepul tarqatiladi

O‘zbekistonda aholi va dehqonchilik xo‘jaliklari import qilingan yoki mahalliy sifatsiz kartoshka ekmoqda. Shu sababli prezident mutasaddilarga aholi tomorqalari uchun 500 tonna elita kartoshka urug‘larini bepul tarqatishni, kartoshka yetishtiruvchilarga imtiyozli mablag‘lar ajratish vazifasini qo‘ydi.

Nukus voqealari bo‘yicha sudlanganlarning apellyatsiyalari Toshkentda ko‘rib chiqiladi

Toshkentda Nukus voqealari bo‘yicha birinchi sud jarayonida qatnashgan 22 nafar mahkumdan 16 nafarining apellatsiya ishi ko‘rib chiqiladi.

Oliy sud: 208 nafar qatag‘on qurbonlari nomi oqlandi (ro‘yxat)

Oliy sud 3 ta jinoyat ishi bo‘yicha surgun qilingan va otilgan 208 nafar qatag‘on qurbonining nomini oqladi. Ularning aksariyati Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida yashagan. 2021−2023-yillar davomida sovet davrida qatag‘on qilingan jami 408 nafar o‘zbekistonlik oqlandi.

Toshkentda daraxtlarni betonlardan tozalash ekoaksiyasi boshlandi

Poytaxtda “Daraxtlarni asraylik” shiori ostida ekoaksiyaga start berildi. Unda daraxtlar beton, asfalt va sun’iy qoplamalardan tozalanadi. Aksiya dastlab Olmazor tumanida, so‘ng bir oy ichida boshqa barcha hududlarda o‘tkaziladi. Keyinchalik uni butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistondagi banklar ustav kapitalining eng kam miqdori bosqichma-bosqich oshiriladi

Banklar ustav kapitalining eng kam miqdori bosqichma-bosqich oshiriladi. 2025-yil 1-yanvardan u 500 milliard so‘mni tashkil etadi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola:

“Azamat, Dubay otmen”, “Kuyovingiz bilan muhim ishimiz bor” va boshqalar — Toshkentda referendum targ‘iboti. Foto

Yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazilishiga 10 kun qoldi. Shaharlarda fuqarolarni saylov uchastkalariga borishga undaydigan targ‘ibotlar tobora ko‘payib bormoqda. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Toshkentdagi reklamalar va shaharning “sog‘lom fuqaro yakshanbasi”ga tayyorlanayotganini suratga oldi.

Foto: 20 yil deganda garmoshka-avtobuslar Toshkentga qaytdi

Shu kunlarda keltirilgan 400 ta avtobus va elektrobuslar Toshkent ko‘chalarida harakatni boshladi. Ular orasida 20 yildan beri O‘zbekistonda bo‘lmagan, uzunligi 18 metrdan iborat 118 dona gormoshka-avtobus ham mavjud. “Gazeta.uz” fotoreportaji.