2-aprel kuni yana uzoq davom etgan jala Toshkentning bir qator ko‘chalarini keng ko‘lamli suv ostida qoldirdi. Hatto “Amir Temur hiyoboni” metro bekatini suv bosdi, bu — juda kam uchraydigan holat. Ko‘p qavatli uylarning hovlilari va yerto‘lalari ham suv ostida qolgan. Ushbu holat har safar kuchli yog‘ingarchilik bo‘lganda takrorlanadi. “Gazeta.uz” muxbiri Jahongir Azimov muammoning ildizi hamda uni bartaraf etish yo‘llarini o‘rganish maqsadida mas’ul idoralarga murojaat qildi.

Muammo konstatatsiyasi

Shahar va mamlakat rahbariyati suv toshqinlarining asosiy sababi 1960-yillarda barpo etilgan irrigatsiya va drenaj tizimining eskirgani bilan bog‘liq ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Bu, xususan, O‘zbekiston hukumati tomonidan 2015-yil fevral oyida qabul qilingan yer osti va yer usti suv oqimlarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha Konsepsiyada ham ma’lum qilingan. Hujjat 2014-yil 30-maydagi yomg‘irdan keyin qabul qilingan.

Chorsu bozori yonidagi yer osti o‘tish joyi 2014-yil 30-may.Chorsu bozori yonidagi yer osti o‘tish joyi 2014-yil 30-may.

Konsepsiyada irrigatsiya-drenaj tizimining uzluksiz ishlashi uchun obyektlarni modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, nasoslar va suv oqimlari tarmoqlarini almashtirish zarurligi qayd etildi. “ToshkentboshplanLITI” loyiha instituti ushbu ishlarning loyihadan oldingi hujjatlarini ishlab chiqishi kerak edi.

Hujjatda 2015−2017-yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan “kompleks chora-tadbirlar ro‘yxati” mavjud bo‘lib, u oxir-oqibat “toshqin suvlarining avariyasiz o‘tishini” ta’minlashi kerak edi.

Nafaqat tizim eskirgan, nazorat ham yetishmaydi

2019-yil aprel oyida navbatdagi ko‘cha toshqinidan keyin Toshkent hokimligi drenaj tizimini kapital ta’mirlash uchun salkam 60 mln dollar zarurligini e’lon qildi.

O‘shanda shahar hokimiyati suv toshishlarining beshta asosiy sababi: eskirgan sug‘orish va drenaj tizimidan tashqari, aholi tomonidan tashlab ketilgan maishiy chiqindilar; noqonuniy binolar; “ayrim mas’ul shaxslarning sustkashligi”; shuningdek, binolar, yo‘llar va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish uchun ruxsatnomalar berishda loyiha hujjatlarida sug‘orish tarmoqlarining mavjudligiga oid talablarning yo‘qligini sanab o‘tdi.

2023-yil aprel oyi boshidagi yomg‘irdan keyin prezident Shavkat Mirziyoyev drenaj tizimi muammosini yana bir bor ko‘tarib, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga muammoni hal etish bo‘yicha dastur qabul qilib, ikki hafta muddatda uni amalga oshirishga kirishishni topshirdi.

2023-yil 2-apreldagi yomg‘ir oqibatlari. San’at muzeyi oldidagi chorraha.2023-yil 2-apreldagi yomg‘ir oqibatlari. San’at muzeyi oldidagi chorraha.

8-aprel kuni Toshkent hokimligining yangi rahbari Shavkat Umurzoqov Kun.uz nashriga bergan intervyusida shahardagi drenaj tizimini o‘rganganini ma’lum qildi. “O‘zimizdan ham ayb qidiraylik, 20−30 foiz drenajlarni fuqarolarning o‘zi uy qurish jarayonida yopib yuborgan. Biz bu narsalarni o‘rganib, aniqlab bo‘ldik. Hozir mazkur tizimni endi qanday tiklaymiz, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan insonlarga qanday chora ko‘riladi? Bu — davlat mulki”, — dedi u.

“Nimaga suv toshdi? Birinchidan, asfalt bo‘lib yotibdi, suv shimilmadi. Odamlar uy quryapti, qurmasa ham to‘sqinlik bo‘layotganini yozadi. Sharoit qilib berilishini talab qilishadi. Lekin aholimiz qurilish madaniyatiga rioya qilgan holda qurishi kerak-ku, yerning ostidan o‘tgan narsalarni yopib tashlashi kerakmas-ku. Bu borada tadbirkorlarning ham, aholining ham sonini aniqlab, ma’lum qilamiz”, — dedi Shavkat Umrzoqov.

Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish topshirilgan “ToshkentboshplanLITI” institutining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, drenaj tizimini takomillashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar muassasa tomonidan ishlab chiqilgan “Toshkent shahri hududini muhandislik tayyorlash sxemasi”da belgilangan. Biroq hujjat “xizmat doirasida foydalanish uchun” grifi ostida qabul qilingani bois u bilan tanishishning imkoni bo‘lmadi. Hujjatlarning bajarilishini nazorat qilish Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi kerak edi.

O‘tgan yillarda e’lon qilgan rejalar bo‘yicha tizimda kapital rekonstrutsiya ishlari amalga oshirilgan-oshirilmaganini bilishning iloji bo‘lmadi. Biz faqatgina shahar hokimligining Obodonlashtirish bosh boshqarmasi (OBB) joriy ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanayotganini aniqladik.

OBB obodonlashtirish va irrigatsiya boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon Isoqov “Gazeta.uz” bilan suhbatda hokimlik tomonidan yuqorida sanab o‘tilgan beshta muammoga shaharning o‘sish omilini ham qo‘shish kerakligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hokimlik tomonidan yangi dastur ishlab chiqilmoqda, biroq uni samarali amalga oshirish uchun shaharda paydo bo‘lgan obyektlarda qurilish me’yorlariga rioya etilishini nazorat qilish zarur.

Age Tashkent loyihasiga ko‘ra, 2019-yilning o‘zida poytaxtda qurilgan ko‘p qavatli uylar soni 463 tani tashkil etgan. Oxirgi marta bir yil ichida bunchalik ko‘p bino Toshkentda 1966-yildagi zilziladan keyin paydo bo‘lgan edi. O‘sha davrdan farqli ravishda, XXI asrda uylar kengroq va balandroq bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda, so‘nggi yillarda turar-joy, ma’muriy va savdo binolaridan tashqari, yangi ko‘cha va yo‘llar barpo etildi.

Ushbu obyektlarning barchasi qurilishi bilan avval yomg‘ir va erigan suvlarni o‘ziga singdirgan ochiq maydonlar maydoni qisqarmoqda. Drenaj va suvni to‘plashni to‘g‘ri loyihalash orqali asfaltlangan va betonlangan maydonlarda suv to‘planishining oldini olish mumkin edi. Biroq, yomg‘irdan keyingi ko‘chalarning holatiga qaraganda, bu sohada normalarga amal qilinishi ko‘pincha kuzatilmaydi.

Toshkent ko‘chalaridan birida rekonstruksiyadan so‘ng asfalt va yashil maydon nisbatiga misol. Foto: Xushnud Asamov.Toshkent ko‘chalaridan birida rekonstruksiyadan so‘ng asfalt va yashil maydon nisbatiga misol. Foto: Xushnud Asamov.

Poytaxtning drenaj tizimi qanday barpo etilgan

Shaharga tushadigan yog‘ingarchilik qayerdadir to‘planishi va chiqib ketishi kerak. Ularning bir qismi tuproqqa singib ketadi, qolganlari irrigatsiya-drenaj tizimi orqali chiqariladi. Bu tizim yer usti va yer usti kanallari, yer usti va yer osti kollektorlari (kanallardan farqli ravishda, kollektorlar oqova suvlarni to‘playdi), yer usti ariqlari yoki lotoklardan tashkil topadi. Ularning barchasi o‘zaro bog‘liq bo‘lishi kerak.

Shaharsozlik standartlariga (SHNK 2.07.01−03) muvofiq, aholi punktlari, sanoat korxonalari hududlari va turar-joy binolarida lotok (ochiq yoki yopiq) yoxud quvurlardan iborat yopiq oqova tarmog‘i o‘rnatilishi mumkin.

Suv lotoklarga oqib tushishi uchun asfalt odatda nishabroq qilib yotqiziladi (bu har doim ham kuzatilavermaydi). Shuningdek, lotoklardagi suv to‘siqlarsiz oqib ketishi uchun lotoklarning o‘zi ham ma’lum bir diametrga va yotqizish burchagiga ega bo‘lishi kerak. Ahmadjon Isoqovning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt bo‘ylab 3023 km lotok yotqizilgan bo‘lib, shundan 1549 km OBB balansida.

Lotoklardan suv ochiq va yopiq (yer osti) kollektorlarga kiradi. Ba’zi bir uchastkalarda suvni chiqarib beradigan nasos stansiyalari o‘rnatilishi kerak. OBB balansida 38 km yopiq va 40 km ochiq kollektorlar mavjud. Yer osti kollektorlarini tozalash uchun lyuklar bilan qoplangan quduqlar qurilmoqda (shaharda 956 ta shunday quduqlar mavjud).

Hokimlik huzuridagi Kanallardan foydalanish va ularga tutashgan hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi shaharda umumiy uzunligi 391 km bo‘lgan 120 ta kanal borлигиni ma’lum qildi. Kanallar magistral (uzunligi 137 km bo‘lgan 16 ta), tumanlararo (uzunligi 90 km bo‘lgan 24 ta) va mintaqaviy (uzunligi 164 km bo‘lgan 80 ta) bo‘linadi. Barcha kanallar Bo‘zsuv daryosidan boshlanadi. Salar, Anhor va Chig‘atoy — eng yirik magistral kanallar hisoblanadi.

2014-yil 30-may kuni kuzatilgan jalali yog‘ingarchilikning intensivligi soniyasiga 952,5 kub metrni (jalali suv o‘tkazuvchanligi qobiliyati 521,9 kub metr edi) tashkil etdi. Shundan yomg‘ir va oqova suvlarning 54,8 foizi mavjud kollektorlar orqali oqizildi, 45,2 foizi esa zaif uchastkalarda to‘plandi, deyiladi yuqorida tilga olingan hukumat qarorida.

Kollektorrlarning chiqindilardan tozalanidi. Foto: OBB.Kollektorrlarning chiqindilardan tozalanidi. Foto: OBB.

Lotoklar, kollektorlar va kanallarni tozalash va joriy ta’mirlash obodonlashtirish bo‘limlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, OBB yuqori organlarga muammolarni hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni taklif qiladi, shuningdek, yillik dasturlarni ishlab chiqadi. Drenaj tizimining shikastlangan uchastkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tuman bo‘limlaridan OBBga yuboriladi, u yerda uchastkalar va nuqsonlar ro‘yxati tuziladi hamda ta’mirlash uchun smeta ham ishlab chiqiladi. Hujjat xalq deputatlari Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

Qurilish-montaj ishlari monitoringi Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda uning tarkibiy bo‘linmalari, xususan, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Ahmadjon Isoqov quruvchilarning loyihalari OBB mutaxassislarining ekspert bahosini olishi kerakligini tushuntirdi. Xususan, ekspertlar qurilish maydonchasiga borishi, loyiha hujjatlarini o‘rganishi lozim: suv tarmoqlari, quvurlarning o‘lchami va sonini uylar soniga nisbatini o‘rganishadi. OBB mutaxassislari, shuningdek, quruvchilar oqova suv tarmoqlarini ulashlari uchun eng yaqin kanalizatsiya tarmog‘ini aniqlashadi. Agar kollektor tarmog‘i uzoqda joylashgan bo‘lsa, quruvchilar alohida kollektor qurishlari kerak bo‘ladi.

Yomg‘ir va erigan suvlarni oqova kanalizatsiyaga quyilishi kerak, ammo ba’zi quruvchilar suv chiqib ketadigan qurilmalarni ko‘chalardagi lotoklarga ulashmoqda, deya qayd etdi OBB vakili.

2018-yilda OBB xodimlari tomonidan 44 ta, 2019-yilda 48 ta, 2020-yilda 59 ta, 2021-yilda 38 ta va 2022-yilda 88 ta ko‘cha suv toshqini holatlari bartaraf etilgan. Bundan tashqari, suv toshqini tez-tez yangi hududlarda sodir bo‘ladi, dedi boshqarma xodimi.

Ahmadjon Isoqov suv toshqini muammosini so‘nggi yillarda faol qurilish ishlari olib borilayotgan Maxtumquli ko‘chasining Mirzo Ulug‘bek shoh ko‘chasi bilan chorrahasidan Parkent ko‘chasigacha bo‘lgan yangi qismi misolida ko‘rsatdi. 2018-yilgacha, ko‘chalar qo‘shilmagunga qadar, bu maydon o‘simliklar o‘sib turgan ochiq maydon edi.

Quyidagi Google sun’iy yo‘ldosh tasvirida ushbu hudud 2014-yilda, ko‘chalar qo‘shilishidan oldin va 2022-yilda qanday qiyofada bo‘lganini ko‘rish mumkin.

drenaj tizimi, тошкент, toshqinлар

drenaj tizimi, тошкент, toshqinлар

Hozirda, OBB ma’lumotlariga ko‘ra, Maxtumquli ko‘chasidagi drenaj lotoklariga yangi obyektlardan yog‘ingarchilik suvlari chiqib ketishiga mo‘ljallangan 105 dan ziyod quvurlar ulangan.

Maxtumquli ko‘chasi.Maxtumquli ko‘chasi.

“Ammo lotoklar yomg‘ir suvini turli obyektlardan emas, balki ko‘chalardan to‘plashi va olib chiqib ketishi kerak bo‘lgan tizimning elementidir”, — dedi boshqarma boshlig‘i. Va bu ko‘cha — misollardan biri, xolos.

Maxtumquli ko‘chasi.Maxtumquli ko‘chasi.

Boshqa muammolar

Ariqlar va hatto kanallarni betonlashtirish ham muammo bo‘lib qolmoqda. 2022-yilda Parkent va Muhammad Yusuf ko‘chalari chorrahasi suv ostida qolgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, quruvchi ariqni betonlab tashlagan. Yana bir holatda, Kasaba ko‘chasidagi taksopark oldidagi irrigatsiya tizimi ham qurilish vaqtida yopib tashlangan. Muammoni hal qilish uchun suv oqimi qayta yo‘naltirildi.

OBB va Kanallarni ishlatish boshqarmasining ta’kidlashicha, ba’zi quruvchilar o‘z obyektlarini kanallar oqadigan hududda qurmoqdalar. Ular kanallarni qisman yopadi va shu bilan suv yo‘lini to‘sib qo‘yadi.

Poytaxt ko‘chalaridan biridag chiqindilar bilan to‘lgan lotok.Poytaxt ko‘chalaridan biridag chiqindilar bilan to‘lgan lotok.

Ahmadjon Isoqov lotoklardagi maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammo ham borligini tasdiqladi. Lotoklarga tushgan chiqindilar ularni yopib qo‘yadi, ba’zi hollarda haqiqatan ham suv toshqiniga olib keladi. 2022-yilning 8-noyabr kuni Shota Rustaveli ko‘chasida “Vega” savdo markazi yaqinida quvur selofan, shisha va boshqa chiqindilar bilan to‘ldirilganligi sababli suv toshqini sodir bo‘lgan. U yerda katta diametrli quvur o‘rnatildi.

Lotoklarni tutashtiruvchi quvurlarga chiqindi tiqilib qolmasligi uchun o‘tgan yili obodonlashtirish xodimlari Toshkent atrofidagi lotoklarga 152 dona temir panjara o‘rnatib chiqdi.

Poytaxtda ko‘p yillardan buyon shaharliklar tilga olinayotgan urnalar yetishmaydi. Bu yil OBB tomonidan 714 ta chiqindi qutisi o‘rnatildi, biroq bu yetarli emas. Shuni ta’kidlash kerakki, barcha axlat qutilari foydalanish uchun qulay emas va u yoki bu nuqtada hosil bo‘lgan axlat miqdori uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, ular har doim ham qulay bo‘lgan joyda o‘rnatilmaydi.

Vaqt o‘tishi bilan lotoklarni bog‘laydigan quvurlarning diametrini kengaytirish kerak. Poytaxtning ko‘plab joylarida quvurlarning diametri 300 mm ni tashkil etadi. “Quvurlarni 426 yoki 530 mm gacha kengaytirish kerak. Biz buni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqdamiz. Agar Toshkentda bundan ham ko‘p binolar bo‘lsa, shartli ravishda 10 yildan keyin diametri 530 mm bo‘lgan quvur ham bardosh bera olmaydi. Lotoklarning o‘zini ham kengaytirish kerak”, — dedi Ahmadjon Isoqov.

Shu bilan birga, ba’zi nasos stansiyalari noto‘g‘ri ishlayapti yoki suv oqimini boshqara olmaydi. “Agar nasoslarning quvvati kichik bo‘lsa, ularni ham almashtirish kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.

OBB vakili ishchi kuchi yetishmasligi muammosini ham qayd etdi. Bugungi kunda obodonlashtirish tizimida 10 ming kishi ishlaydi. Bu raqamga maxsus texnikalar haydovchilari, loyihalovchilar va chiqindi yig‘uvchilar kiradi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, OBB yana 5000 xodimni yollashi kerak.

Ishga olish muammosi maoshning kamligi bilan bog‘liq, deya tushuntirdi Ahmadjon Isoqov. Ko‘cha tozalovchilar oyiga 1,3−1,4 mln so‘m oladi. Tushlik o‘z hisobidan. “Men ularga tozalash ishlari uchun tanbeh berishdan uyalaman”, — dedi u.

Ahmadjon Isoqov Toshkentdagi drenaj tizimi muammosini hal etishning eng muhim chorasi shaharda qo‘shimcha kollektorlar qurilishi, deb hisoblaydi.

“Obod mahalla” qayta ko‘rib chiqishga muhtoj

Toshkentdagi obodonlashtirilgan mahallalardan biri. Baland bordyurlar va yalang‘och bog‘chalar.Toshkentdagi obodonlashtirilgan mahallalardan biri. Baland bordyurlar va yalang‘och bog‘chalar.

So‘nggi yillarda aholi turar-joylari hovlilarini suv bosganligi sababli, odamlarning pod’ezdlardan chiqa olmasligi ham katta muammoga aylandi. Aholi 2021-yilda “Obod mahalla” dasturi doirasida keng maydonlarga baland bordyurlar o‘rnatilib, asfalt yotqizilganini asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatmoqda.

O‘sha yili poytaxtning 524 ta mahallasini obodonlashtirish uchun 1 trln so‘mdan ortiq (2021-yil 26-apreldagi kurs bo‘yicha 94 mln dollardan ortiq, har bir mahallaga 2 mlrd so‘mdan) mablag‘ yo‘naltirildi. Yakunda obodonlashtirish nihoyatda “shafqatsiz” bo‘lib chiqdi — obodonlashtirish xodimlari hokimliklar topshirig‘iga ko‘ra old bog‘lardagi o‘simliklarni ildizi bilan yulib tashlashdi. Ochiq yer o‘rnida avtoturargohlar tashkil etilib, ko‘plab suv tarmoqlari toshlar bilan qoplangan (drenajni yaxshilash uchun aytilgan) yoki quvurlar bilan almashtirilgan. Ushbu yaxshilanishning kamchiliklarini ko‘rish uchun siz mutaxassis bo‘lishingiz shart emas.

Joriy yilda esa Toshkentdagi mahallalarni obodonlashtirishga 1,4 trln so‘m, anomal sovuqdan jabr ko‘rgan mahallalarda infratuzilmani rivojlantirish, avtomobil yo‘llari, piyodalar yo‘laklari hamda muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini ta’mirlash va obodonlashtirish uchun esa har bir mahallaga (hozir 584 ta) qo‘shimcha ravishda 1 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratildi.

Mavjud vaziyatda tartibsiz ravishda chiqindi tashlaydigan aholi yoki qurilish qoidalarini buzgan quruvchilarni ayblashda davom etish mumkin. Yog‘ingarchilik miqdori drenaj tizimi olib chiqib ketishi mumkin bo‘lgan hajmdan yuqori bo‘ldi, deb ham aytish mumkin. Biroq, ko‘rinib turibdiki, muammo surunkali ravishda keyin ham yuzaga chiqaveradi. Hukumat nafaqat o‘sib borayotgan shahar va iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda vakolatli loyihani ishlab chiqishlari, balki so‘nggi yillarda qabul qilingan qarorlarni ham reviziya qilib chiqishi kerak.