Toshkentdagi Milavitsa ichki kiyimlar do‘konining tashqi vitrinasiga modellar surati tushirilgani va bunday suratlarni joylashtirishga «ruxsat bergan» tuman hokimligini tanqid qilgan bloger 24 yoshli Chirchiq shahrida yashovchi Sh. A. bo‘lib chiqdi. Bu haqda Toshkent shahar IIB xabar berdi.

«Mana bunga ahamiyat bering. Yaxshilab qarang. (Bolalarning — tahr.) ko‘zlarini tezroq ochilsin deb bunga ruxsat berdinglarmi? To‘rtinchi, beshinchi sinf o‘quvchilari shu yerdan o‘tadi. Bunga chora ko‘rasizlarmi?», — degandi bloger videoda.

Keyinroq muallif yana bir video e’lon qilgan. Unda do‘kon oynasida modellarning fotosuratlari yo‘qligini ko‘rish mumkin.

«Bollar, mana buni qaranglar. Kechagi videodan keyin bu yerdagi fohishalarning rasmini olib tashlashibdi. Rahbarlarga tushungani uchun rahmat. Ko‘ryapsizmi, hammamiz bir jamoa bo‘lib mushtni bir joyga ursak, ko‘p ishlarni hal qilib tashlasak bo‘ladi», — deya murojaat qilgan u obunachilarga.

Biroq oradan vaqt o‘tib, ichki kiyimlar do‘koni modellar suratini vitrinaga qaytardi, ularning bir qismini almashtirdi. Hokimlik esa do‘konni suratlarni olib tashlashga majburlamaganini bildirdi.

Poytaxt IIBBning xabar berishicha, 16 fevral kuni Sh. A. Chirchiq shahar IIO FMB taklif etilgan. O‘tkazilgan suhbatda u yuqorida keltirilgan do‘kondagi reklama bannerlariga nisbatan munosabatini «o‘zining diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda bildirganligini» aytgan.

Shuningdek, erkak turli diniy mavzudagi materiallarni amaldagi qonunchilikka zid ravishda ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali tarqatib kelayotganligi aniqlangan. U bilan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonuniga asosan o‘tkazilgan profilaktik suhbat davomida qonunchilik hujjatlari talablari tushuntirib o‘tilgan.

Xususan, unga tadbirkorlik subyekti mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi kabi qonun normalari tushuntirilgan. Tadbirkorlik faoliyati subyekti o‘z ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli ekani ma’lum qilingan.

«Turmushda va jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalariga rioya etishda insonlar o‘zlarining shaxsiy diniy va axloqiy qarashlari orqali boshqalarga baho berishi yoki boshqacha ko‘rinishda aralashishi mumkin emas. Ushbu tartibga qarshi har qanday insonlarning harakati qonun asosida qat’iy ta’qib qilinadi», — deyiladi boshqarma xabarida.

Qayd etilishicha, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakat hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, sud idoralari tomonidan fuqaro Sh. A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−2-moddasiga (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) asosan, bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

«Turli millat va konfessiya vakillari istiqomat qiladigan jamiyatimizda qonun bilan o‘rnatilgan va ijtimoiy kelishuv asosida tartibga solinadigan munosabatlarga qarshi har qanday turdagi nojoiz gap-so‘z va sa’y-harakatlar aholi orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelishiga va turli muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini hurmat qilgan holda, milliy qonunchiligimizga itoatkor bo‘lishga chaqiramiz», — deyiladi Toshkent IIBB axborotida.