16-fevral kuni prezidentning “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli avtobus olib kelinadi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining Telegram`dagi “Huquqiy axborot” kanali.

Qarorga asosan:

  • shahar avtobus yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi;
  • tashuvchilar bilan hisob-kitoblar “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlari asosida amalga oshiriladi;
  • yo‘lkira haqini kunlik yig‘ish reja-topshirig‘ini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
  • tashuvchilar tomonidan yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qilish, bajarilgan ish hajmi va sifatini aniqlash hamda baholash, yo‘lkira haqi to‘lanishini va ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini nazorat qilish uchun avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorat tizimi tashkil etiladi.

Avtobus yo‘nalishlarining yangi tarmog‘i joriy etilishi, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi va avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatining bosqichma-bosqich:

  • 2023-yil 1-martgacha — Toshkent shahrida;
  • 2023-yil 1-avgustgacha — Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
  • 2024-yil 1-iyungacha — Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida yo‘lga qo‘yiladi.

Yo‘lovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi bosqichma-bosqich:

  • 2023-yil 15-apreldan — Toshkent shahrida;
  • 2024-yil 1-yanvardan — Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida;
  • 2024-yil 1-iyundan — Nukus shahri va boshqa viloyatlar markazlarida ishga tushiriladi.

Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 ta 18 metrli va 500 ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobus hamda 300 ta 12 metrli elektrobus; Nukus shahri va viloyat markazlari jamoat transporti uchun jami 1000 ta tabiiy gazda ishlaydigan avtobusni xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident qaroriga (2022-yil 3-fevral) ko‘ra, 2025-yilgacha poytaxtda 1063 ta yangi avtobus harakatlanishni boshlashi, ulardan 53 tasi 2023-yilda harakatga tushiriladigan katta sig‘imli 18 metrli avtobuslar bo‘lishi haqida xabar bergandik. Ushbu “garmoshkali avtobuslar” poytaxtning 11 ta magistral yo‘nalishida harakatlanishi reja qilingandi.

Ta’kidlanishicha, transportning qayrilish darajasi yo‘lning parametrlariga to‘g‘ri kelishi uchun avtobusning o‘rtasi “garmoshkali” tarzda bo‘ladi.

“Ular qaror bilan tasdiqlangan jamoat transportining yangi yo‘nalish tarmog‘ining magistral yo‘nalishlariga joriy etiladi. Mazkur 18 metrli avtobuslar 11 ta magistral yo‘nalishlarga joylashtiriladi. Metropoliten liniyalari yer ostidagi katta yo‘lovchi oqimini tashiyotgan bo‘lsa, bu yer ustidagi katta yo‘lovchilar oqimini tashuvchi magistral yo‘nalishlar toifasiga kiradi”, — deya ta’kidlagan Toshkent shahri transport boshqarmasi avtomobil transportini rivojlantirish bo‘limi xodimi Axrolxo‘ja Toshxo‘jayev.

Ma’lum qilinishicha, katta sig‘imli avtobuslarni yo‘lga qo‘yish amaliyoti bir necha yillar oldin poytaxtdagi 72-sonli avtobus yo‘nalishida qo‘llangan. Biroq ma’lum muddatdan so‘ng to‘xtatilgan.