Qahramanmarash viloyatida bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston fuqarosi Rashid Boybekov topildi. Bu haqda mamlakatning Turkiyadagi elchixonasi xabar berdi.

Keltirilishicha, qutqaruvchilar tomonidan vayronalar ostidan olib chiqilgan fuqaro hozirda Şütçü İmam Üniversitesi Tıp Fakültesi shifoxonasiga joylashtirilgan va birinchi yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, Istanbuldagi Bosh konsulxona xodimlari Turkiyaning zilzila bo‘lgan hududlarida (Kayseri va Malatya) joylashgan migratsiya xizmati boshqarmalari va deportatsiya markazlari mas’ul xodimlari bilan telefon orqali bog‘landi.

Turk tomoniga ko‘ra, deportatsiya markazlarida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari orasida tabiiy ofat sababli jabrlanganlar mavjud emas, zilzila oqibatlari munosabati bilan ular xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan. Ayni vaqtda ular uchun vaqtincha ko‘chma shoxobchalar qurilib, yashash uchun sharoit yaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning zilzila sodir bo‘lgan hududlarida 13 nafar O‘zbekiston fuqarosini qidirish ishlari boshlangandi. Ikki kishi bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lingan. Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi esa zilzila oqibatida halok bo‘lgan.

Turkiyaga ketgan o‘zbekistonlik FVV xodimlari tonggacha vayronalar ostidan 21 kishini chiqarib olgandi. Ularning 12 nafari vafot etgan. Qolganlari turli tan jarohatlari olgan.