Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi ko‘p qavatli uylarning birida gaz portlagani xabar qilingandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Ushbu voqea yuzasidan tezkor shtab tuzilgan va uning boshchiligida baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan uyda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgan. Shu jumladan, ushbu uyda yashovchi fuqarolar xatlovdan o‘tkazilib, o‘pirilgan tom va pol qismlari tagida fuqarolar bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.

Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida vayronalar ostida qolib ketgan 5 yoshli qizaloq turli darajadagi jarohatlar bilan qutqaruvchilar tomonidan chiqarib olinib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yuborilgan.

Shuningdek, bino konstruksiyalari orasidan qidiruv-qutqaruv ishlari olib borish jarayonida bir nafar fuqaroning jasadi topilgan.

«Ayni vaqtda bino konstruksiyalarini tozalash ishlari davom ettirilmoqda. Voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi», — deyiladi xabarda.

Ushbu uyda yashab kelayotgan qolgan fuqarolar evakuatsiya qilinib, vaqtinchalik uy-joy va uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Respublika prokuraturasiga ko‘ra, holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda aybdor shaxslar doirasini aniqlash, ularni jinoiy javobgarlikka tortish masalasi hal etilmoqda.