Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Umarov «o‘z xohishiga ko‘ra» egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu o‘zgarish poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonovning 27 yanvardagi qarorida keltirib o‘tildi.

Hokim boshqarmaning moddiy boyliklarini inventarizatsiyadan o‘tkazib, qabul qilishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Anvar Umarov ushbu lavozimda 2021 yilning noyabr oyi oxiridan beri ishlab kelayotgandi. Bungacha u prezident qarori bilan aholini elektr va gaz bilan ta’minlashdagi inqiroz tufayli ishdan olingan sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning yordamchisi bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Rahmonov avvalroq sobiq hokimning yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan va unga eng yaqin odamlardan biri bo‘lgan Muzaffar Abdurahmonovni ishdan bo‘shatgandi.

Bundan tashqari, 23 yanvar kuni hokim ko‘chalarni, istirohat bog‘lari va maydonlarni yoritish, arxitektura yoritkichlarini ta’mirlash va rivojlantirishga mas’ul «Toshshaharnur» korxonasi rahbarini ham almashtirgan.