Ukrainada vertolyot qulab tushishi oqibatida mamlakat IIV rahbari va boshqalar halok bo‘ldi

Ukrainaning Kiyev viloyati Brovari shahrida 18 yanvar tongida Davlat favqulodda vaziyatlar xizmatiga tegishli vertolyot qulab tushdi.

дайжест, жаҳон yangiликлари

Aviafalokat oqibatida Ukraina Ichki ishlar vazirligi rahbariyati: vazir Denis Monastirskiy, uning birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Yenin va davlat kotibi Yuriy Lubkovich halok bo‘lgan.

Hozirgacha 17 kishining halok bo‘lgani ma’lum, qurbonlarning 9 nafari vertolyot bortida bo‘lgan. Hodisa oqibatida ikki nafar bola ham vafot etgan — vertolyot bolalar bog‘chasi oldiga qulagan.


2022 yilda dunyo bo‘ylab 86 jurnalist o‘z vazifasini bajargani uchun o‘ldirilgan

YUNESKO 2022 yilda dunyo bo‘ylab 86 nafar jurnalist kasbiy faoliyati uchun o‘ldirilganini ma’lum qildi.

2022 yilda jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakatlar Meksika (19 nafar muxbir o‘ldirilgan), Ukraina (10 nafar) va Gaiti (9 nafar) bo‘ldi. Osiyo va Tinch okeanida 16 ta, Sharqiy Yevropada esa 11 ta qotillik sodir etilgan.

Jurnalistlarni o‘ldirganlik uchun aybdorlarning jazolanmaslik darajasi «hayratlanarli darajada yuqori» — 86 foiz bo‘lib qolayotgani ma’lum qilindi.

2022 yilda, shuningdek, jurnalistlar o‘g‘irlash, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, qonuniy ta’qib va raqamli zo‘ravonliklar qurboni ham bo‘lishgan.


Vetnam prezidenti iste’foga chiqishini e’lon qildi

Vetnam prezidenti Nguyen Suan Fuk iste’foga chiqishini ma’lum qildi, keyinroq esa mamlakat Kommunistik partiyasi Markaziy kengashi uning iste’fosini ma’qulladi, deya xabar berdi BBC.

Qayd etilishicha, so‘nggi haftalarda prezidentning iste’foga chiqishi haqida ko‘plab mish-mishlar tarqalgan. Nguyen Suan Fuk mamlakat hukumatini boshqargan davrda ishlagan ikki bosh vazir o‘rinbosari iste’foga chiqqanidan ko‘p o‘tmay uning o‘zi ham iste’foga chiqishini e’lon qildi.

Bundan tashqari, ikki vazir va boshqa bir qator hukumat amaldorlariga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Ayni paytda Vetnam Kommunistik partiyasida qattiq tartib-intizom tarafdorlari tomonidan olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kampaniya davom etmoqda. Yuzlab Vetnam kommunistlari tergovga olingan.


Perudagi norozilik namoyishlarida halok bo‘lganlar soni 42 nafarga yetdi

Peruda prezident Pedro Kastiloning lavozimidan chetlatilishi va hibsga olinishi hamda yangi prezident Dina Boluartening tayinlanishiga qarshi namoyishlar to‘xtagani yo‘q. Limada besh hafta ichida politsiya bilan to‘qnashuvlarda kamida 42 kishi halok bo‘ldi, ular orasida o‘smirlar ham bor

Namoyishlar fonida mehnat vaziri Eduardo Garsiya iste’foga chiqishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat o‘lim uchun uzr so‘rashi kerak va hukumatni xatolarni tan olishga hamda 2024 yilgi saylovlarni kutmaslikka chaqirdi.


Finlyandiya YeIda birinchi bo‘lib uran qazib olishni boshlamoqchi

Finlyandiya atom elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i sifatida ishlatish maqsadida uranni qazib olishni boshlaydi. Hozirda uran Yevropa Ittifoqining birorta davlatida qazib olinmaydi.

Davlatga qarashli Terrafame kompaniyasi 2024 yil yozigacha Sotkamo viloyatidagi Talvivaara konida uran qazib olishni boshlash rejalarini e’lon qildi. Hozirda konda asosan elektromobillar uchun akkumulyatorlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan nikel va kobalt qazib olinadi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, kondan qazib olinayotgan har bir kilogramm rudada taxminan 17 milligramm uran bor va shu paytgacha u sanoat chiqindilari sifatida tasniflangan. Terrafame yiliga 200 tonnaga yaqin uran ishlab chiqarishni kutmoqda.

Loyihaga kiritiladigan investitsiyalar taxminan 20 mln yevroni tashkil etdi. Qazib olingan uran xorijga eksport qilinishi taxmin qilinmoqda.


Microsoft 10 mingga yaqin ishchisini iste’foga chiqaradi

AQShning texnologiya kompaniyalaridan biri Microsoft yilning uchinchi choragi oxirigacha 10 ming xodimini ishdan bo‘shatishini ma’lum qildi.

Microsoft rahbari Satya Nadella kompaniya muhim o‘zgarishlar davrini boshidan kechirayotgani, mijozlar va biznes hamkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazganini ta’kidladi.

Mijozlarning raqamli xarajatlarini optimallashtirganliklarini ifoda etgan Nadella: «Dunyoning ba’zi qismlari tanazzulga yuz tutayotgani va ba’zilari turg‘unlikni kutayotgani uchun har bir soha va geografiyadagi tashkilotlarning ehtiyotkorlik bilan harakat qilayotganini ham ko‘ramiz» dedi.

Satya Nadella bu raqam Microsoft umumiy xodimlarining 5 foizdan kamrog‘iga to‘g‘ri kelishini eslatib o‘tdi va ayrim sohalardagi lavozimlarni yo‘q qilish bilan birga, muhim strategik sohalarda kadrlarni yollashda davom etishini ta’kidladi.


Fransiyada dunyodagi eng keksa ayol 118 yoshida vafot etdi

Dunyodagi eng keksa ayol Lyusil Randon Fransiyaning Tulon shahridagi qariyalar uyida 118 yoshida uyqusida vafot etdi.

дайжест, жаҳон yangiликлари

Lyusil Randon 1904 yil 11 fevralda Fransiyada tug‘ilgan. Yoshligida u tarbiyachi bo‘lgan, keyin kasalxonada ishlagan va 41 yoshida u rohiba bo‘lishga qaror qilgan. 28 yil davomida u Vichi kasalxonasida ishlagan, u yerda yetimlar va qariyalarga yordam bergan.

2022 yil aprel oyida Yaponiyada 119 yoshli Keyn Tanaka vafotidan so‘ng Randon Yevropaning eng keksa aholisi hisoblangan. Ko‘plab intervyularida fransuz ayol Yaratganning irodasi haqida gapirib, uzoq umr ko‘rish sabablarini aytishdan bosh tortgan.


Yevropada sayyohlar soni KOVID-19 pandemiyasidan avvalgi darajaga yaqinlashdi

Yevropa statistika boshqarmasi (Eurostat) 2022 yilda a’zo mamlakatlarda bir kecha-kunduzda turistlarni joylashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, pandemiyada jiddiy zarar ko‘rgan Yevropa Ittifoqi turizm sektori o‘tgan yili sezilarli darajada tiklangan.

Epidemiyadan oldingi 2019 yilda turistik obyektlarda tunashlar soni 2,88 mlrd martani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 2,72 mlrd martaga yetdi. Shunday qilib, YeI mamlakatlaridagi turistik obyektlarda tunash epidemiyadan oldingi 2019 yilga nisbatan atigi 5,6 foizga ortda qolmoqda.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida tungi turistik turar joy 2020 yilda 1,42 mlrd, 2021 yilda esa 1,83 mlrd martani tashkil etgan.