Toshkent hokimligi o‘tgan yili transport muhandisi Aleksandr Devyatkin bilan birga shahardagi bir qator ko‘cha va chorrahalarni rekonstruksiya qilishda ishtirok etish uchun taklif qilgan urbanist Arkadiy Gershman navbatdagi — Keles yo‘li ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasidan xafsalasi pir bo‘lganini ma’lum qildi.

«Toshkentning navbatdagi yo‘l loyihasini ko‘rib, dodlayapman — loyihadan loyihaga bir xil xatolarni takrorlashyapti. Biz hammani ishlarni normal (yaxshi emas, normal) qilishga ko‘ndirish uchun ko‘plab yig‘ilishlarda kunni kech qildik, ko‘p narsalar hatto o‘xshadi ham, ammo bu odat tusiga kirmadi», — deb yozdi mutaxassis Telegram’dagi «Odamlar uchun shahar» kanalida.

U loyihaning ochiq ko‘rinib turgan kamchiliklarini sanab o‘tdi:

  • «Jamoat transporti uchun ajratilgan bo‘lak chorrahaga kelganda burilish uchun mo‘ljallangan bo‘lakka qo‘shilib ketadi — avtobuslar so‘nggi lahzada avtomobillar oqimining ichiga qo‘shilishiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda parkovka va hovlilarga kirish muammosini ham esdan chiqarmaslik kerak. Umuman olganda, belgilarni o‘rnatish va (avtobus uchun) „A“ degan chiziqni chizib qo‘yish bilan ahvol yaxshi bo‘lib qolmaydi».
  • «Bu yerda kuygan yer bo‘ladi, axir yo‘l bo‘yida hozir turgan daraxtlar o‘rnini asfalt-betonli maydon egallaydi. Manzarali butalar Toshkent iqlimida suv va havodek zarur bo‘lgan soyani bera olmaydi. Piyoda va yo‘lovchilar ishtirokidagi suratlar ayniqsa kulgili — soya bo‘lmasa, esi bor odam hayotda bu yerga suqilmaydi. O‘z navbatida, kelgusida bu yerga daraxtlar o‘tqazib bo‘lmaydi, chunki barcha kommunikatsiyalar trotuar ostiga o‘tkaziladi — qo‘riqlanadigan hududlar daraxt ekishga imkon bermaydi. Ariqqa tushadigan yuklama ham ortadi, axir suv asfalt va beton orasiga shimilib ketishni bilmaydi».
  • «Hammayoqqa uzundan uzoq stop-chiziqlar tortib tashlangan, buning oqibatida svetoforning har bir fazasini uzaytirish kerak bo‘ladi, axir mashinalar uzoqroq masofani bosib o‘ta olishi kerak-ku. Oqibatda mutlaq hamma o‘zining yashil chirog‘ini uzoqroq kutishga majbur bo‘ladi — bu esa o‘tkazuvchanlik imkoniyatini pasaytiradi. Ayni vaqtda bu yerda xavfsizlik orolchalari ham bor, o‘tish joylarini o‘sha orolchalar orqali tashkil qilib, stop-liniyalarni oldinroqqa surish mumkin edi, ammo bu haqda hech kim o‘ylab ko‘rmagan».
  • «Yangi harakatlanish bo‘laklari ular aslida kerak bo‘lmagan joyda paydo bo‘lmoqda. Aftidan, loyiha mualliflarining asosiy vazifasi qurilish budjetini imkon qadar shishirish bo‘lgan, shekilli. O‘zingiz shunchaki o‘ylab ko‘ring: agar bir fazada ko‘cha bo‘ylab uch qator mashina kelayotgan bo‘lsa, boshqa fazada ikki qator bo‘lsa, svetofordan keyin beshta harakatlanish bo‘lagi qurish kerakmi? Yo‘q, albatta, axir trafik vaqtida faqat uchta harakatlanish bo‘lagi band bo‘ladi, xolos. Bu bor-yo‘g‘i bitta misol».

«Bu — ko‘chani mashinalar uchun kengaytirish jarayonini qandaydir zamonaviy narsa, deb ko‘rsatish bo‘yicha navbatdagi urinishdir. Avtobus va piyodalarga ustuvorlik berilishi haqidagi ta’kidlar esa shunchaki ertakdan boshqa narsa emas», — deya xulosa qildi urbanist.

«Vaholanki, tezyurar avtobus uchun yo‘l markazidan koridor solish, daraxtlar ekib, ko‘chani hamma uchun qulay va xavfsiz qilish mumkin edi, ammo Toshkent rahbarlari bunga mutlaqo tayyor emas», — deya qo‘shimcha qilgan Arkadiy Gershman.

Masala tarixi

Keles yo‘li ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasini Grand Road Tashkent kompaniyasi amalga oshiradi, loyihalovchi sifatida esa Allegro Develop Project ko‘rsatilgan. O‘zbekiston poytaxti so‘nggi yillarda amalga oshirilgan eng yirik va bahsli yo‘l rekonstruksiya qilish loyihalari — Farg‘ona yo‘li, Ahmad Donish, Navoiy ko‘chalari, beton trotuarlar va veloyo‘lakchalar qurish ishlari aynan Grand Road Tashkent tomonidan amalga oshirilgan. Ushbu loyihalar avvalboshdan tanqid qilingan, ularni hamon tanqid qilishmoqda, ammo rasmiylar bu tanqidlarga e’tibor qaratayotgani yo‘q.

Navoiy ko‘chasi rekonstruksiya qilinishi ma’lum bo‘lgach, «Gazeta.uz» poytaxtda shahar muhiti yomonlashishda davom etayotganiga e’tibor qaratishni so‘rab, O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llagandi.

Shundan so‘ng hokimlik darhol matbuot anjumani uyushtirgan, unda hokimning arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov rasmiylar aholi bilan maslahatlashmasligini, bu jarayon ko‘p vaqt olishini ma’lum qilgan edi. Bundan tashqari, tadbirda «aholi mutaxassis emas», degan mazmunda bayonot ham berilgandi.

Jurnalistlar hokimning birinchi o‘rinbosariga ko‘chalarni rekonstruksiya qilishda ustuvorlik o‘tkazuvchanlikka emas, balki yo‘lovchi tashish imkoniyatini oshirishga qaratilishi kerakligini tushuntirishga uringan, ammo bu urinishlar samara bermagan. Baxtiyor Rahmonov Farg‘ona yo‘lining nimasi yomonligini ko‘rish uchun u yerda jurnalistlar bilan birga sayr qilishga va’da bergan, biroq bu va’dasining ustidan chiqmagan.

Ko‘p o‘tmay poytaxt hokimligi taniqli rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman va transport muhandisi Aleksandr Devyatkinni taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi qayta ko‘rib chiqildi (mutaxassislarning o‘zi esa loyihaga kech qo‘shilganliklari bois rekonstruksiya qilinayotgan birinchi chorrahani lozim darajada o‘zgartira olmaganliklarini ta’kidladi).

Endi Gershman va Devyatkin ishtirokida bo‘lib o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida kelgusi rekonstruksiyalar uchun piyodalar xavfsizligi va jamoat transporti ustuvorligi asosiy tamoyillar sifatida belgilangani ma’lum qilindi. Shahar uchun soatiga 50 kilometrlik tezlik eng maqbul tezlik ekani ilk bor rasman aytildi. Navoiy ko‘chasi aynan shu tezlikka moslab loyihalashtirilayotgani ma’lum qilindi (ushbu ko‘chada tezlik hali ham pasaytirilgani yo‘q).

Rossiyalik mutaxassislar Xalqlar do‘stligi maydoni oldidagi murakkab chorraha rekonstruksiyasida hamda maktablar va bolalar bog‘chalari oldida transport harakatini sokinlashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda qatnashayotgan edi (ushbu loyiha hozir qaysi bosqichda ekani noma’lum).

Arkadiy Gershman loyihalarning borishi haqida muntazam xabar berib turgandi (u ko‘pincha bu ishni Toshkent hokimligi o‘rniga bajarayotgandi) va rasmiylar barcha takliflarni ham qabul qilmayotgani, ko‘plab yechimlarni uzoq vaqt himoya qilishga to‘g‘ri kelayotganini yashirmayotgandi.

«Toshkentda ko‘chalarni insoniylashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi», — deb yozgandi «Gazeta.uz» taniqli urbanistning O‘zbekistonda ish boshlagani haqida xabar berarkan. Poytaxt rasmiylari bu imkoniyatdan yo to‘liq foydalana olmadi, yoki foydalanishni xohlamadi.