12 yanvar kuni Qozog‘istondagi Samara-Chimkent avtomobil yo‘lining 819-kilometrida Krasnodar-Sariog‘och yo‘nalishida harakatlanayotgan, ichida 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan avtobus to‘xtab qoldi, deb xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

To‘xtash sababi — kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isining muzlashi. Aktobe viloyati Xromtau tumani qutqaruvchilari yo‘lovchilarni Xromtau shahridagi kemping (avtomashinalarda sayohat qiluvchilar uchun chodirli yoki yengil tipda qurilgan uylari va avtomobillar turadigan joylari (bevosita chodirlar oldida yoki umumiy maydonchada) bor yozgi oromgoh. Kempingda yotoqxona (2−4 kishiga), oshxona, dushxona, yuvinish xonalari, ro‘zg‘or buyumlarini ijaraga beradigan joy, avtomobillarni yuvish joyi va boshqalar bo‘ladi)ga olib ketgan.

evakuatsiya, қозоғистон

Foto: Orda.kz

Qurbonlar yo‘q, fuqarolarning issiqlik ta’minoti nazoratga olingan. Hozirda avtobusdagi nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonning Aqtaudagi Bosh konsulligi vaziyatni nazoratga olgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston hududida noqulay ob-havo kunlarida qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlar mamlakatning Ostonadagi elchixonasi (+717 2954252), Olmaota (+7273902616) va Aqtau (+77292777117)dagi bosh konsulliklariga murojaat qilishlarini eslatib o‘tgan.

Avvalroq ham Aktobe viloyatida noqulay ob-havo sharoiti tufayli yo‘lda qolib ketgan ikkita yo‘lovchi avtobusidan 69 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingandi. Ular umumta’lim maktabi va masjidga vaqtincha joylashtirilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Transport vazirligi barcha yo‘lovchilar sog‘-salomat holda yo‘nalishda o‘z safarini davom ettirayotganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya va Qozog‘istonda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni noqulay ob-havo tufayli yo‘llarda kuzatilayotgan noqulayliklardan ogohlantirgan. Ushbu davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolardan barcha xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish so‘ralgan.