To‘ra Bobolov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Ulug‘bek Qosimov Muzrabot va Denov tumanlari hokimi, Surxondaryo va Farg‘ona viloyati prokurori lavozimlarida ham faoliyat ko‘rsatgan.

Ma’lumot o‘rnida, To‘ra Bobolov 2019 yilning may oyida Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Bobolov 2020 yil yanvarida viloyat hokimi lavozimiga rasman tasdiqlangan.

2022 yil avgust oyida To‘ra Bobolov Angor tuman prokurorini haqorat qilgani aks etgan audio tarqalgandi. Unda hokim prokurorga vazifalarini bajarmagani, qolaversa, tashkilotlarga nisbatan jinoyat ishi ochgani uchun tanbeh bergan. Holat yuzasidan viloyat hokimligi va Bosh prokuratura munosabat bildirgandi.

Oradan vaqt o‘tib, sentabr oyida prezident viloyat hokimini ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilgandi. Davlat rahbari Angor tumani prokurori bilan bo‘lgan suhbatini ham eslab o‘tgan. «Charchagan bo‘lsang, seni ham ishdan olaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oy oxirida esa To‘ra Bobolov prezident qarori bilan o‘zgalarni haqorat qilgani, hokimlarga qo‘yilgan talablarni bajarmagani va o‘z faoliyatini davlat siyosatiga mos ravishda tashkil etmagani uchun jarimaga tortilgandi.