Shavkat Mirziyoyev murojaatnomada sud tizimida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar haqida aytib o‘tdi.

«Tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiyani prokurordan sudga o‘tkazamiz. Endi, tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Axir, biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish bo‘yicha ozmuncha harakat qilayapmiz-mi? Bundan buyon, mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi», — dedi prezident.

Aytish joiz, bunday chora 5 yil avval prezident tomonidan e’lon qilingan edi. Dastlabki tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish maqsadida tintuv va telefon suhbatlarini tinglash uchun sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Bu 2018 yilgi davlat dasturiga kiritilgan, biroq amalga oshirilmagan.

Shuningdek, davlat rahbari prokurorlar korpusi shakllantirilishini ma’lum qildi.

«Tergov sifatini oshirish bo‘yicha ham tizimli choralar ko‘ramiz. Tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak. Shu bilan birga, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi», — Shavkat Mirziyoyev.

«Odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, yetmaydigan vakolatlar beriladi. Nima uchun, advokatga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va tugatish haqidagi qarordan nusxa berilmaydi? Bunday holatda tenglik haqida qanday gapirish mumkin? Endi, sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinadi. Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy qilinadi», — Shavkat Mirziyoyev.

«Oxirgi paytlarda ayrim ushlab turish joylarida inson huquqlari buzilishi bo‘yicha og‘riqli masalalar ko‘tarilmoqda. Bizning yurtimizda bunday holatlar umuman bo‘lishi mumkin emas. Kim bunga amal qilmasa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘ladi. Shu bois, bunday joylarga olib kelingan barcha shaxslarni hisobga olishning onlayn tizimi joriy etiladi va yuzni tanish uskunasi o‘rnatiladi. Hech kimning unutishga haqqi yo‘q — Qonun talablari va inson huquqlari — biz uchun oliy qadriyat!», — prezident.