Bir yil avval — 2021 yil yil 25 noyabrda poytaxtdagi jamoat transportlarida tegajog‘lik va jinsiy zo‘ravonlikka qarshi loyiha boshlangandi. «Toshshahartransxizmat»ning 20 ta yo‘nalishdagi avtobuslari salonlariga tegajog‘likka yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi bannerlar, ijtimoiy reklamalar joylashtirilgan, chiptalarda zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik, tegajog‘lik qurbonlari yordam so‘rashlari lozimligi hamda huquqbuzarga qarshilik ko‘rsatish uchun qanday harakat qilish haqida ma’lumotlar chop etilgan, maxsus sayt — «Frotterizm.uz» ham ishga tushgan edi.

автоbuс, avtobuslar, zo‘rавонлик, tegajoqlik, тошкент, shilqimlik

Bu hali hammasi bo‘lmagan. Loyiha taqdimoti vaqtida 2021 yil dekabri oxirigacha bannerlar va ijtimoiy reklamalar joylashtirilgan avtobuslar sonini yanada ko‘paytirish, avtobuslarga «102» yozuvli favqulodda to‘xtash (signal, SOS) tugmachalarini o‘rnatish (yoki shunday qurilmasi bor avtobuslarda ularni tuzatish), yo‘l haqini naqd pulsiz ko‘rinishda to‘lagan yo‘lovchilarga tegajoqlikka yo‘l qo‘ymaslik va shilqimlik jabrlanuvchilariga yordam ko‘rsatish da’vati bilan SMS-xabarnomalar yuborish, loyihani metropolitenda ham joriy etish rejalari aytilgan edi. Shuningdek, haydovchi va chiptachilarga ular shilqimlikda gumonlanayotganlarga nisbatan qanday harakat qilishi lozimligi ham o‘rgatilishi ta’kidlangandi.

Foto: «Toshshahartransxizmat»Foto: «Toshshahartransxizmat»

Bugungi kunga kelib ushbu loyihadan chiptalardagi targ‘ibotgina qoldi, xolos: banner va ijtimoiy reklamalar o‘sha aytilgan 20 ta yo‘nalishdagi avtobuslardan tashqariga chiqmadi (mas’ullar banner va reklamalar aynan qaysi yo‘nalishdagi avtobuslarda bo‘lganini ham bilib bera olmadi, chunki yil davomida avtobuslarning yo‘nalishlari almashaverib, aralashib, adashib ketgan), «Frotterizm.uz» sayti va Facebook’dagi sahifasi ishlamayapti, Instagram-sahifasidagi eng oxirgi post 2022 yil 7 yanvar kuni joylashtirilgan.

Foto: Aziza Umarova / FacebookFoto: Aziza Umarova / Facebook

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi matbuot kotibi Muslima Obidovaning «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qilishicha, loyiha 2022 yil bahorida to‘xtatilgan. U bunga, dastlab, avtobuslarda tegajog‘liklar uchramayotganini sabab qilib ko‘rsatdi (aslida bu sabablardan biri, lekin eng asosiysi emas).

«Toshshahartransxizmat» vakilining tushuntirishicha, kompaniyada shanba haydovchilar kuni etib belgilangan. Shu kungi yig‘ilishlarda haydovchi va chiptachilardan yo‘lovchilarga xalal beradigan vaziyatlar, xususan, shilqimlik va tegajoqliklar holatlari bo‘lgan-bo‘lmagani haqida so‘raladi. Faqat shu — haydovchi va chiptachilarning bergan javobidan kelib chiqib, kompaniya «poytaxt jamoat transportida bunday holatlar bo‘lmayapti», degan xulosaga kelingan. Ichki ishlar organlari esa bu kabi huquqbuzarliklar bo‘yicha alohida statistika yuritmaydi. Ya’ni, rasmiylar xulosasiga ko‘ra, jamoat transportida shilqimlik holatlari rasman yo‘q.

Ammo loyihani ishga tushirish arafasida «605» marketing agentligi volontyorlari tomonidan taxminan 100 kishi — ularning 77,5 foizi ayollar — o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma boshqacharoq natija ko‘rsatgan edi. Xususan, unda ishtirok etganlarning 12,5 foizi transportda o‘ziga nisbatan tegajoqlik holatlari doimiy bo‘lishini, 40 foizi esa bir yo ikki marta shunday vaziyatga tushganini ma’lum qilgandi. Loyiha tashabbuskori Aziza Umarova ham taqdimot kuni «o‘zim ham, yaqinlarim ham [jamoat transportida] tegajoqlikka duch kelgan, shu bois men bu muammo haqida gapirishga qaror qildim», — degandi.

Loyiha nega to‘xtab qoldi?

«605» marketing agentligi direktori Otabek Sharapov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda uning korxonasi loyihani amalga oshirish bo‘yicha «har xil g‘oyalar, takliflar bergan, bir nechta konsepsiyalar tayyorlagan»ini aytib o‘tdi. Konsepsiya bo‘yicha ishlar ko‘p, targ‘ibot esa katta va keng (bo‘lishi kerak) edi. Amalda loyiha 2-bosqichga ham o‘ta olmadi. Agentlik vakillari ham, «Toshshahartransxizmat» matbuot kotibi ham bunga bir xil sabab keltirmoqda — cheklangan moliyaviy imkoniyatlar.

Sharapovning ta’kidlashicha, loyiha dastlab volontyorlik ishi bo‘lgan, keyinroq Isroil elchixonasi huzuridagi «Mashav» agentligi homiylik qilib, pul ajratgan. Pulning bir qismi saytga va kopirayterlarga (sayt, jumladan, avtobuslarda tegajog‘likka uchragan xotin-qizlarning anonim hikoyalarini chop etish va hamkorlar hamda volontyorlarning ariza qoldirishi uchun mo‘ljallangan edi), katta qismi esa ijtimoiy roliklarni olishga sarflangan, qolgani esa konsepsiyani tayyorlagani uchun marketing agentligiga berilgan.

«Umuman olganda, biz loyihaning to‘xtashini oldindan bilardik. Marketingda istalgan kampaniya (harakat) vaqtinchalik bo‘ladi: odatda biror kun yoki mavsumda tugaydi yoki yillik bo‘lib, har yilning qaysidir sanasida o‘tkaziladi. Buni bilganimiz uchun ham holatni normal qabul qilamiz», — deydi «605» agentligi direktori.

Hozirda mavjud bo‘lmagan «Frotterizm.uz» saytida kopirayterlik qilgan Mirafzal Mirahmadov loyiha davom etishi kerak edi, deb hisoblaydi. «Biz xohlagan narsa — zo‘ravonlikka qarshi ko‘proq odam gapirishi, shunday muammo borligi haqida ko‘proq odam bilishi kerak edi. O‘tgan vaqt ichida bundan xabar topganlar bo‘ldi, lekin bu yetarli emas», — deydi u.

«Loyihani davom ettirsak, juda xursand bo‘lamiz. Loyiha g‘oyalari uchun bir necha tanlovlarda sovrinlar oldik. Shunday tanlovlarning biriga „Toshshahartransxizmat“ vakillari ham keldi, o‘shanda ham aytdik: „Qarang, shunaqangi zo‘r g‘oya bo‘lganki, sovrinlarga ega bo‘lyapti, davom ettirish kerak“. Ular ham bu fikrni ma’qullagan, ammo hozirgacha biror xabar yo‘q», — deydi Otabek Sharapov.

Nafaqat bu, balki zo‘ravonlikka qarshi shunga o‘xshash boshqa loyihalar uchun tashabbuskorlar chiqsa, «Toshshahartransxizmat» o‘zi tomonidan bo‘ladigan har qanday yordamga tayyor, фақат buning moliyaviy taraflari ham inobatga olinishi kerak. «Bilasiz, har bir narsaning o‘ziga yarasha moliyaviy tomonlari bor», — deya ta’kidladi Muslima Obidova.

Avtobuslarning yon tomoniga loyiha uchun tayyorlangan bannerlar yopishtirilgan edi. Ularga: «Jim turmang! Xalq va qonun himoyasidasiz», deb yozilgan. Foto: «Toshshahartransxizmat»Avtobuslarning yon tomoniga loyiha uchun tayyorlangan bannerlar yopishtirilgan edi. Ularga: «Jim turmang! Xalq va qonun himoyasidasiz», deb yozilgan. Foto: «Toshshahartransxizmat»

Qayd etish joiz, poytaxtda kunlik xizmat ko‘rsatuvchi avtobuslar soni aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmayapti — shundoq ham to‘lib keladigan avtobusni uzoq vaqt kutishga to‘g‘ri keladi, tirbandliklar vaqtida salonlarda tiqilinchlar yuzaga keladi. Isuzu kabi kichik sig‘imli avtobuslarda esa tiqilinchlar yanada kuchliroq bo‘ladi.

Bunday holatlar — odamlarning bir-biriga tiqilib turishi — tegajoqliklar uchun qulay sharoitni keltirib chiqaradi. Katta hajmli avtobuslarni xarid qilish va liniyalardagi harakatlanuvchi tarkiblar sonini ko‘paytirish qatnov oralig‘ini qisqartirishga xizmat qiladi, bu esa jamoat transportida shilqimlik holatlarining kamaytirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.