O‘zbekiston qurgan va xizmat ko‘rsatib kelgan Hayraton — Mozori Sharif temir yo‘lini boshqarish bo‘yicha shartnomaga Qozog‘istonning Mansur Fotih kompaniyasi ega chiqdi, deb xabar bermoqda Tolo News.

Endi Qozog‘iston kompaniyasi 106 km temir yo‘lga xizmat ko‘rsatadi, shuningdek, uning texnik masalalarini ham hal qiladi.

«Biz O‘zbekistonning „So‘g‘diyona Trans“ kompaniyasiga („O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJ sho‘ba korxonasi — tahr.) 15 million dollar (ilgari 18 million dollar deb aytilgan edi) to‘laganmiz va u faqat Hayraton portida 22 kilometrlik yo‘lga xizmat ko‘rsatgan. Yangi kompaniya 106 kilometrlik yo‘lga xizmat ko‘rsatadi», — dedi Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi rahbari vazifasini bajaruvchi Baxt Rahmon Sharafat.

U Afg‘oniston yangi kompaniyaga yiliga 4,1 million sal ko‘proq dollar to‘lashini ma’lum qildi.

Mansur Fotih rahbari o‘rinbosari Bisenbay Maxanov ehtiyojdan kelib chiqib, xodimlar sonini oshirishini aytdi. «Biz ushbu shartnomani tender orqali yutib oldik», — deya aniqlik kiritdi u.

2022 yil aprelida «Gazeta.uz» O‘zbekiston ushbu yo‘lni boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkinligi, chunki Afg‘oniston muvaqqat hukumati mamlakatdagi temir yo‘llarni o‘z nazorati ostiga olmoqchiligi haqida yozgan edi. Shundan so‘ng «O‘zbekiston temir yo‘llari» Afg‘oniston temir yo‘llari (ATY) boshqarmasi Hayraton — Mozori Sharif yo‘nalishida 2011 yildan buyon foydalanayotgan o‘zbek kompaniyasining ishidan «to‘liq qoniqish hosil qilganini» ma’lum qildi. Shu bilan birga, afg‘on matbuoti ATY nazoratni bosqichma-bosqich o‘z qo‘liga olishni niyat qilganini yozdi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati sho‘ba korxonasi «So‘g‘diyona Trans» 2011 yil dekabr oyida Afg‘onistondagi Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘l liniyasini boshqarish va ta’mirlash maqsadida tashkil etilgan. «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi 2010 yil noyabr oyida 129 million dollarlik 75 km uzunlikdagi liniya qurilishini yakunlagan.

O‘tgan yil oxirida O‘TY Afg‘onistondan yuk tashish hajmini oshirish rejasini e’lon qildi. 2021 yilda Afg‘onistondan temir yo‘l orqali 32,4 ming tonna (564 vagon) yuk (quritilgan mevalar, kartoshka, mandarin va talk) tashildi. Shu bilan birga, ushbu yukning qariyb 16 ming tonnasi O‘zbekistonga, 13,8 ming tonnasi Qozog‘istonga, 2570 tonnasi Rossiyaga mo‘ljallangan.

Afg‘oniston importining yarmiga yaqini, shuningdek, gumanitar yuklarning salmoqli qismi ham Hayraton orqali o‘tadi.