23 noyabr kuni Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida Nexia-2 yo‘l chetida ketayotgan 2 bolani urib yubordi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati.

Qorako‘l tumani hududidan o‘tuvchi 4R-76 avtomobil yo‘lining 1-kilometrida joylashgan 15-maktab yaqinida soat 16:30 larda 1999 yilda tug‘ilgan haydovchi Z.M. Nexia-2 avtomobilida tezlikni me’yoridan oshirib harakatlandi. Bu vaqtda piyodalar o‘tish joyidan velosipedni yetalab o‘tayotgan fuqaroning velosipedini urib yubordi va boshqaruvni yo‘qotib piyodalar yo‘lakchasida ketayotgan ikki nafar bolani urib yuborib, avtomobil ag‘darildi.

YTH oqibatida piyodalardan biri, 2013 yilda tug‘ilgan U.U. tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.

Mazkur YTH yuzasidan Qorako‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.