O‘zbekiston va Fransiya 22 noyabr kuni Parijda Toshkentning tramvay tizimi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni imzoladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Hujjat O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev hamda Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fransiyaliklar ishlari bo‘yicha vaziri Olive Besht tomonidan imzolangan.

Jamshid Xodjayev va Olive Besht. Foto: Shuhrat Latipov / “Gazeta.uz”

Investitsiyaviy kelishuvga muvofiq, Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi 9,1 kilometrlik tramvay liniyalarini quradi. Kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 78 ming kishini tashkil etishi kutilmoqda. Qurilish ishlarini 2024 yilning birinchi choragida boshlash rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 167,4 mln yevroga baholanmoqda.

Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston ushbu loyihani Alstom bilan hamkorlikda so‘nggi 3−4 oy davomida ishlab chiqqanini ma’lum qildi.

“Rahbariyatimiz tomonidan ushbu loyihaning amalga oshirilishini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Hozir biz fransiyalik hamkorlarimiz bilan texnik-iqtisodiy asos (TIA) va loyihaning o‘zini tayyorlash bo‘yicha ishlarni boshlab yubordik”, — dedi u. Rahmonovning qo‘shimcha qilishicha, tramvaylarni tender asosida tanlab olish rejalashtirilgan.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov qurilish ishlari bilan Alstom shug‘ullanishini tasdiqladi, biroq liniyalarning yo‘nalishlari hali aniq emasligini bildirdi. Toshkentni bo‘lajak “Yangi Toshkent” shahri bilan bog‘lovchi Yangi O‘zbekiston ko‘chasi istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lishi mumkin. Bunda, taxminlarga ko‘ra, liniya “Do‘stlik” metro bekatidan boshlab, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab o‘tadi.

Transpot boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev yozda qilgan chiqishlarining birida tramvayning ikkita yo‘nalishi bo‘yicha takliflar tayyorlangani, ulardan birinchisi TTZdan Shimoliy vokzalgacha, ikkinchisi esa Shimoliy vokzaldan Otchopargacha davom etishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

“Gazeta.uz” Toshkentda tramvay qatnovlarini tugatish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishda shoshma-shosharlikka va xatoga yo‘l qo‘yilganiga bir necha bor e’tiborni qaratgan. Rasmiylar tramvayni samarasiz deb atagani holda trasport muammolari (yo‘llarning tirbandligi)ni esa ko‘chalarni kengaytirish, yangi yo‘l o‘tkazgichlar va metropoliten liniyalarini qurish orqali hal qilishni rejalashtirgan. Oqibatda shaharda jamoat transporti bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashishda davom etdi.