O‘zbekistondagi 3 ta tijorat bankida xorijliklarga xizmat ko‘rsatish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilib, ular uchun hisobvaraq ochish qiyinlashtirildi.

Jumladan, «Ipak Yo‘li» banki 12 sentabrdan boshlab norezident shaxslar uchun hisobraqamlar va plastik kartalarini ochish faqat bankning bosh ofisi qoshidagi amaliyot boshqarmasida amalga oshirilishini ma’lum qildi. O‘zgarishlar ushbu sanagacha ochilgan hisobraqamlarga tegishli emas.

Shuningdek, «Kapitalbank» tomonidan naqd pul oqimlari va amaliyotlari shaffofligini ta’minlash maqsadida komplayens-nazorati kuchaytirildi. 12 sentabrdan boshlab norezident jismoniy shaxslari banklarda hisobraqamlarni faqat quyidagi hollarda ochishlari mumkin bo‘ladi:

  • bankka murojaat qilishdan oldin, 15 kalendar kunidan ortiq muddat uzluksiz O‘zbekiston hududida bo‘lganda;
  • ta’lim muassasalarida malaka oshirayotganda va talaba maqomini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lganda;
  • rasmiy ishga joylashganda.

Shunga o‘xshash e’lon Asia Alliance Bank tomonidan ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra norezident shaxslar hisobraqam ochishda: 15 kalendar kundan ziyod uzluksiz O‘zbekiston hududida yashagan bo‘lishi, OTMda malaka oshirayotgani yoki talaba maqomini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi, rasmiy ishga joylashgan bo‘lishi talab etiladi.

Hisobraqam ochish uchun norezident jismoniy shaxslardan ariza olinganida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR) va vaqtinchalik yashash joyidan (QR-kod bilan) ma’lumotnoma zarur.

Iyul oyining oxirida ayrim bank kassalari va bankomatlaridan, shuningdek, valyuta hisobvarag‘idan naqd pul yechib olishda karta raqamidan kelib tushgan pul mablag‘laridan komissiya joriy etish boshlangandi. Banklar buni naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish bilan izohladi.

Avvalroq, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov II chorakda norezidentlar tomonidan ochilgan joriy hisobvaraqlar soni 47 mingtaga oshib, 169 mingga yetganini ma’lum qilgandi.

Ularning asosiy qismi O‘zbekistonga doimiy yoki vaqtinchalik yashash uchun Rossiya, Ukraina va Belarusdan kelganlar hissasiga to‘g‘ri keldi. 1 iyul holatiga ko‘ra, Rossiya fuqarolarining O‘zbekistondagi hisobraqamlarda 115 million AQSh dollari mavjud bo‘lgan. Norezidentlar nomiga jami 97 000 ta bank kartalari ochilgan, shundan 90 000 tasi xorijiy valyutadagi kartalar (Visa i MasterCard).