Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida sobiq hamshira uy sharoitida noto‘g‘ri ukol qilishi oqibatida qizaloq vafot etdi. Bu haqda Sevimli telekanalining Zamon dasturida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, 1988−2000 yillarda tuman tibbiyot birlashmasida ishlagan, sog‘ligi yomonlashgani bois ishlamay qo‘ygan hamshira qishloqdoshlarining iltimosiga ko‘ra uy sharoitida shifokor buyurgan ukollarni qilib kelgan. Ovsinininng kelini ham unga qizi betobligini, shifokorga uchargani va dorilar yozib berganini, qiziga ukol qilish kerakligini aytib, iltimos bilan chiqqan.

Qarindoshiga yo‘q deya olmagan hamshira shifokor tavsiya qilgan “Seftoks” nomli kukunni 10 gramm “Novokain” bilan eritgan va eritmaning 0,1 gramini bemorning chap quymuch qismiga sinama tarzda yuborgan. Oradan 3−4 daqiqa o‘tgach, qiz qorni og‘riyotganini aytib, qayt qilib yuborgan va bir ozdan so‘ng hushini yo‘qotgan. Qizni Buvayda tuman tez tibbiy yordam bo‘limi 9-sonli shoxobchasiga olib borilayotgan vaqtda vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra qizaloqqa “Seftoks-Navakaen” eritmasi yuborilganda nojo‘ya ta’sir oqibatida allergik reaksiyani yuzaga keltirgan va nafas yo‘llari berkilib qolgan. Uy sharoitida mazkur holatning oldini olishda foydalaniladigan dori vositalari bo‘lmagani uchun o‘lim holati qayd etilgan.

Holat yuzasidan yuritilgan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jazo tayinlangan.

“Uning ayol kishi ekanligini, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchining qonuniy vakilini unga nisbatan da’vosi yo‘qligini yengillashtiruvchi holat sifatida inobatga olib, modda sanksiyasida nazarda tutilgan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi”, — dedi Jinoyat ishlari bo‘ycha Qo‘qon shahar sudi sudyasi Mashrabjon Ulug‘bekov.