Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga 8 sentabr kuni soat 18:25 da Mirobod tumanidagi mahallalarning birida ariq ustiga o‘rnatilgan metall panjara orasiga 11 yoshli bolaning bir oyog‘i tushib ketib, qisilib qolganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushdi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.

Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan qutqaruvchilar maxsus uskunalar yordamida bolaning oyog‘ini panjara orasidan jarohatlarsiz chiqarib olgan. Amaliy yordam ko‘rsatib, bolani ota-onasiga sog‘-omon topshirgan.


Favqulodda vaziyatlar vazirligi yana bir bor barcha ota-onalardan farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslikni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, shu kabi holat 29 avgust kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahrida ham sodir bo‘lgandi. O‘shanda ham vazirlik ota-onalarni bolalarni qarovsiz qoldirmaslikka chaqirgandi. Shu bilan birga, shahar hokimiyati va xizmatining xavfsiz muhit uchun javobgarligi ikkala holatda ham ko‘rsatilmagan.