2022-yil 1-sentabrdan 2025-yilga qadar taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritilishi belgilab qo‘yilgandi. Toshkent shahar transport boshqarmasi matbuot xizmati 4 o‘rindiqli transport vositalari haydovchilariga ana shunday litsenziya varaqasini qayerdan va qay tartibda olish borasida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, haydovchi avvalo Davlat soliq inspeksiya hududiy bo‘limlariga borib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va belgilangan pul miqdori — 300 ming so‘mni to‘lab, guvohnoma oladi. So‘ngra davlat xizmatlari markaziga borib qo‘lidagi guvohnomaga asosan yo‘lovchi tashish litsenziya varaqasi olish uchun bir yilga 300 ming so‘m davlat boji to‘lab litsenziya varaqasi oladi.

“Shunda haydovchi jami bo‘lib bir yilga 600 ming so‘m sarf qiladi, boshqa to‘lovlar (kunlik to‘lov ham) mavjud emas. Shu bilan birga taksi belgili plafon olib transport vositasini tom qismiga o‘rnatib yo‘lovchi tashishi mumkin. Taksi plafon bo‘lmasa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176−4-moddasiga (Taksilarni yagona tanish belgilari bilan jihozlashga doir talablarni buzish) ko‘ra javobgar bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-noyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati yana 10 taga ortishi xabar berilgandi. Ularning orasida — rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish, uy-ro‘zg‘or buyumlarini ijaraga berish, avtomobil bozorlarida vositachilik qilish, kulolchilik va boshqalar mavjud.