7 sentabr kuni Farg‘ona viloyati sudi binosida andijonlik 44 nafar shaxsga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ochiq sud jarayonida ishtirok etgan «Gazeta.uz» muxbiri Mirolim Isajonov xabar berdi.

Mazkur jinoyat ishi Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi A. O‘tayev raisligida hamda sudyalar — O.Arabov va Sh.Sherqulovdan iborat tarkibda, birinchi instansiya sudida ko‘rilmoqda.

Dastlabki tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar tomonidan 63 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ talon-toroj qilingan. Ular Jinoyat kodeksining 167, 168, 207, 209, 210, 28,210, 211, 28, 211 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Jami sudlanuvchining 29 nafari erkak hamda 15 nafari ayol bo‘lib, 34 nafar sudlanuvchiga nisbatan «qamoqqa olish», 10 nafariga esa «garov» va «uy qamog‘i» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Sudlanuvchilar orasida Andijon viloyat hokimligi Moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i hamda Andijon shahar hokimi lavozimlarida ishlagan Bahromjon Haydarov, Andijon viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan Azizbek Mirkamilov, Andijon viloyat prokurorining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta yordamchisi lavozimida ishlagan Q. A., Andijon shahar Xalq ta’limi bo‘limining sobiq mudirlari — S.E. (ayol), S.S., N.B. hamda Andijon shahar Moliya bo‘limining sobiq mudiri J.M. ham bor.

Bundan tashqari, Andijon viloyati moliya va xalq ta’limi boshqarmalari, Andijon shahar moliya va xalq ta’limi bo‘limlarining sobiq rahbarlari va mas’ul lavozimlarida ishlagan shaxslar hamda boshqalar ham sudlanmoqda.

Sud majlisida sudlanuvchilar «Gazeta.uz» muxbiriga o‘zlarini fotosuratga olish va fikrlarini audioyozuvga tushirishini xohlashmadi. Shuningdek, sudlanuvchilar va ularning advokatlari tanaffus vaqti hamda sud majlisidan keyin intervyu berish taklifini rad etdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha ilk sud majlisi 2022 yilning 18 iyul kuni o‘tkazilgan. Sud majlisi haftaning har dushanba, seshanba va chorshanba kunlari bo‘lib o‘tmoqda.

Sud joriy yilning 12 sentabr kuniga qadar tanaffus e’lon qildi.