31 avgust kuni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo‘linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Belgilanishicha, davlat tashkiloti tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlar har yili 1 martgacha baholanadi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash maxsus bo‘linma yoki ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, davlat tashkiloti faoliyatidagi (vazifa va funksiyalardagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlar ichki va tashqi axborot manbalari asosida aniqlanadi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning darajasi past, o‘rta, yuqori o‘lchovlarda baholanadi.

Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash natijalari asosida davlat tashkilotining umumlashtirilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqiladi va «E-anticor.uz» elektron platformasiga har yili 1 fevralga qadar kiritiladi.

Platformada joylashtirilgan davlat tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xarita loyihalari asosida avtomatik ravishda korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reyestri shakllantiriladi.

Davlat tashkiloti rahbari har yili 1 martgacha korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dasturini «E-anticor.uz» elektron platformasi orqali tasdiqlaydi.

Avvalroq 1 fevraldan boshlab 26 ta davlat tashkilot va organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting joriy qilinishi haqida xabar berilgan edi. Ro‘yxatdan 11 ta vazirlik, 4 ta davlat qo‘mitasi, 7 ta agentlik va 4 ta hokimiyat o‘rin olgan va ularning faoliyati 5 ta indikator asosida baholanadi.