Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy islohotlar komissiyasi matbuot kotibi Odiljon Tojiyev BBC O‘zbek muxbiriga bergan intervyusida Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar va amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik muddatini nolga tenglashtirish mumkinligi haqidagi savollarga javob berdi.

Jurnalist Ibrat Safoning savoliga javob bergan parlamentariy tuzatishdan ko‘zlangan maqsad prezident muddatini uzaytirishdan iborat emas, deb hisoblashini ma’lum qildi. «Siz bu jarayonlarni chuqur kuzatgan odam sifatida yoki bo‘lmasa boshqalar ham menimcha, bu fikrga to‘la qo‘shilmasa kerak», — dedi u.

Deputat bu masaga aksent berish butunlay noto‘g‘ri ekanini qo‘shimcha qildi. Chunki «shuncha qilinayotgan jarayonlarni xuddi odam ko‘zini yumib olishdek tuyuladi».

U prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish taklifi muallifi kim degan savolga bevosita javob bermadi. Buning o‘rniga u 2021 yilgi prezidentlik saylovoldi tashviqoti chog‘ida saylovchilar Asosiy qonunga o‘zgartirish kiritishni talab qiluvchi ko‘plab masalalarni ko‘targanini aytib, o‘zgartirishlar kiritish zarurati nima bilan asoslanayotgani haqida taxmin qilishni taklif etdi.

«Konstitutsiyaga shuni kiritish kerak degan gap demoqchi emasman, konstitutsiya darajasiga olib chiqish kerak bo‘ladigan ko‘plab masalalar ko‘tarilganini ko‘rishimiz mumkin», — dedi deputat. Muhokamalar, debatlar «o‘z-o‘zidan ulanib kelib, konstitutsiyaviy islohotlarga sababchi bo‘ldi».

Jurnalist savolini takrorladi: prezident vakolatlarini uzaytirish taklifi muallifi, aniq bir shaxsning ismini bilish mumkinmi? Uning ta’kidlashicha, takliflar qabul qilingan «Mening Konstitutsiyam» portalida eng ko‘p ovoz to‘plagan 24 ta taklif bo‘lgan, biroq ular orasida prezidentlik muddatiga oid 90-moddani o‘zgartirish taklifi bo‘lmagan.

Masalan, Javohir Ro‘ziqulov degan shaxsdan kelgan taklif — «Davlat va jamiyat bolalar hamda yoshlarda azaliy milliy an’analarga va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat, buyuk ajdodlarimizning boy madaniy merosidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishni Konstitutsiyada mustahkamlash». Bu taklifni 1178 kishi qo‘llab-quvvatlabdi. Bu yerda sudlar, huquqlar, mahallalar haqida ham turli takliflar bor.

«To‘g‘ri urg‘u berayapsiz. Biz balki mazkur masalani keng jamoatchilikka yetkazib bera olmayotgandirmiz, deb o‘ylayman», — dedi deputat. U fuqarolarning takliflari nafaqat onlayn platforma, balki bir oy davomida ishlagan Telegram boti, 1341 telefon raqami orqali, shuningdek, yozma va og‘zaki shaklda deputatlar orqali ham qabul qilinganini eslatdi.

Deputat prezidentlik muddatini uzaytirishni taklif qilganlarning aniq sonini ayta olmasligini, biroq qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan vaqtda (bir oy ichida ishlab chiqildi) 5 mingga yaqin kishi muddatni uzaytirish tarafdori bo‘lganini ta’kidladi.

«Aksariyati amaldagi prezidentimizni islohotlarini davom ettirish tarafdorligi, u yoki bu shaklda berilgan. Aynan „mana shunaqa qilib kiritilsin“ demagan bo‘lishi ham mumkin. Uning uchun shu normaga moslashtiradigan bizning guruhlarimiz ishlaydi. 5000 atrofidagi takliflar bilan umumxalq muhokamasiga kirib keldik. Shuning uchungina bu norma konstitutsiyaning qonun loyihasiga kiritilgan», — dedi u.

Ibrat Safo prezidentlik muddatining uzaytirilishi davlat siyosatidagi, davlat hayotidagi o‘ta katta va o‘ta muhim o‘zgarish ekanini aytib, nahotki, bitta shu taklifni bergan odamni ismi-sharifi bilan muallifligini hurmat qilib o‘sha yerga qo‘yishning iloji yo‘q edi, deya o‘z so‘zida turib oldi.

Vitse-spiker may oyida Sirdaryoda yoshlar tomonidan suratga olingan videoni misol qilib keltirdi. Videoda ularning call-markazga qo‘ng‘iroq qilib, yoshlarga sharoit yaratish bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlanishi uchun amaldagi prezidentning vakolat muddatini uzaytirish va uning qayta saylanishi tarafdori ekanliklarini bildirganlar.

Jurnalistning qayd etishicha, video va shunga o‘xshash boshqa yozuvlar rasmiy muhokamalar boshlanganidan keyin paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, bundan oldin odamlar bunday taklif bilan bir vaqtda harakat qilmagan. U deputatdan saylovchilarning shaxsan o‘zi shunday taklif bilan murojaat qilganmi, deb so‘radi.

Odiljon Tojiyev doimiy ravishda saylovchilar bilan uchrashishi, bunday takliflar bo‘lganini qayd etdi. «Albatta, bo‘lgan. Men ism-sharifini ham oshkor qilishim mumkin. Tortinmasdan ayta olaman. Bu demokratik davlat, so‘z erkinligi bor. Kimdir, unday deydi, kimdir yo‘q bunday deb qarama-qarshi fikr aytishi mumkin. Shaxsan men u fikrgayam, bu fikrgayam to‘qnash kelganman. Buni yashirmasdan aytaman», — dedi u.

Ibrat Safo konstitutsiyaviy komissiya rahbari, Qonunchilik palatasi spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 1992 yilgi Konstitutsiya o‘z imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarmaganini ta’kidlab, «orqada qolib ketgan joyda» o‘zgartirishlar kiritish zarurligini ta’kidlaganini eslatdi. U o‘zgartirishlardan so‘ng Konstitutsiya yangi deb hisoblanadimi yoki gap uni takomillashtirish haqida ketyaptimi, aniqlik kiritdi.

«Yangi Konstitutsiya bo‘lmaydi, amaldagi Konstitutsiya takomillashtirilgan darajaga olib kelinadi. Yana bir fikrni aytmoqchiman, reglament bo‘yicha o‘zining bosqichlari bor. Bu haqda keyinroq yana gaplashsak kerak. Agar shu konstitutsiyamiz referendum bo‘lib qabul qilinsa, 1992 yilda qabul qilingan — bu yil 30 yilligi nishonlanadigan Konstitutsiya bo‘lib qoladi. Yoshi nollashtirilmaydi», — deya ta’kidladi Odiljon Tojiyev.

Jurnalist Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safayev yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi barcha fuqarolar, jumladan, amaldagi prezidentga ham prezidentlik saylovlarida yana ishtirok etish imkonini berishini qayd etganini esga oldi.

Odiljon Tojiyev senatorning intervyusiga izoh berishni istamasligini aytib, Konstitutsiya, agar o‘zgartirishlar qabul qilinsa, yangi hisoblanmasligini takrorladi.

Uning o‘zi konstitutsiyaviy komissiya a’zosi sifatida yangi yoki o‘zgartirilgan Konstitutsiya prezident vakolatlarini bekor qiladi, deb hisoblaydimi, degan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savolga deputat shunday dedi: «Shaxsan men ayta olmayman, lekin Konstitutsiyani komissiya paytida ishlangan loyihasida ham, umumxalq muhokamasida chiqqan loyihasida ham, 90-modda tahrirda turibdi. Ya’ni, shu tartibda qabul qilinsa, shunga qarab boradi».

Vitse-spiker 150 mingdan ortiq taklifni ko‘rib chiqish va qonun loyihasini ishlab chiqish uchun yana ikki-uch hafta vaqt ketishini kutmoqda. Keyin Qonunchilik palatasi referendum o‘tkazish sanasini belgilashi kerak.

«Judayam qizg‘in jarayonlar bo‘layapti, katta tajriba, xorijiy davlatlarga ham borib ko‘rib keldik. Xamkasblarimiz ham safarlarga borib ko‘rishayapti. Ko‘p davlatlarda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida o‘zining andozasi bor. Bizning andozamiz shunda bo‘ldiki, xalq takliflarini inobatga olish. Hozir urg‘uni bitta yo ikkita moddaga berish emas, bu yerda kelayotgan takliflarni ichiga kirsa, haqiqatdan hm Konstitutsiyamizni o‘zgartirishga ehtiyoj borligini ko‘rish mumkin», — dedi Odiljon Tojiyev.

Jurnalistning prezidentlik muddatini uzaytirishni xorijiy tajribada ko‘rganmisiz, o‘zingiz qaysi davlatnikini andoza qilib olsa bo‘ladi, deb o‘yladingiz, degan aniqlashtiruvchi savoliga deputat shunday deb javob berdi: «ko‘plab davlatlarda davlat boshqaruvi shakli demokratik bo‘lgan ko‘plab davlatlar bu jarayonni boshidan o‘tkazgan. Ko‘plab misol keltirishimiz mumkin, G‘arb davlatlarida ham…»

«Qaysi davlatlari?» — deb so‘radi jurnalist.

«…Rossiyada ham», — deb javob berdi.

«Rossiya, to‘g‘ri», — dedi jurnalist.

«AQShda ham bo‘lgan boshlarida, uni bilamiz. Yoki boshqa ko‘plab davlatlarni misol qilib keltirishimiz mumkin», — dedi deputat.

Deputatning aniqlik kiritishicha, AQSh misolida o‘tagan muddatini nollashtirish orqali yana saylanish emas, balki muddatning qo‘shib berilishi masalasi haqida gap ketayotganini aniqlashtirdi.