O‘zbekiston Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov iste’foga chiqarildi. Buni «Gazeta.uz»ga bir-biridan mustaqil ikki manba tasdiqladi.

Senat 13 iyul kungi yalpi majlisda uning nomzodini Oliy sud raisligiga qayta tayinlashni tasdiqlab bergandi. Kozimjon Komilov mazkur lavozimga 2017 yilda tayinlangandi. Unga qadar esa Oliy xo‘jalik sudiga raislik qilgan. 2017 yilga qadar Oliy sud raisi lavozimida Shoyunus G‘oziyev faoliyat yuritgan.

Baxtiyor Islomov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Tahririyat manbalariga ko‘ra, uning o‘rnini prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Baxtiyor Islomov egallashi kutilmoqda. U 2021 yilning noyabr oyi o‘rtalarida mazkur lavozimda Rustam Inoyatovning o‘rnini egallagandi.

Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka ko‘ra, Oliy sudga rais nomzodi prezident taqdimnomasiga asosan Senatning yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.