Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi chorshanba kuni ertalabdan buyon kvartiralari, uylari, pod’ezdlar, ofis binolari va gaz taqsimlash punktlarida kuchli gaz hidi kelayotganidan shikoyat qilishni boshladi. Tuman hokimligi «Mirzo Ulug‘bektumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi avariya dispetcherlik xizmatiga ushbu holat yuzasidan ko‘plab buyurtmalar kelib tushganini ma’lum qildi.

Buyurtmalar soni keskin ko‘payib ketganligi bois bosh muhandis, usta va chilangarlar tomonidan buyurtmalar joylarga chiqib o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida tumandagi GTPlarning kirish-chiqish bosimi me’yorda ekani, gazga odorant ko‘p miqdorda qo‘shib yuborilgani aniqlandi.

Holat yuzasidan, aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlar tumangaz xodimlari tomonidan xonadonlarga chiqilib, to‘g‘rilash va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Qisqa vaqt ichida gaz ta’minotida me’yoriy holat joyiga keladi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, tabiiy gaz rangsiz, hidsiz, ko‘zga ko‘rinmaydigan bo‘lgani bois gazni hidlantirish maqsadida unga etilmerkoptan (odorant) moddasi qo‘shiladi.