Senatorlar «Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni ko‘rib chiqib, rad qilish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Gap shundaki, Oila kodeksining amaldagi 13-moddasida uzrli sabablar bo‘lganda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi bir oy o‘tgunga qadar nikoh tuzishga ruxsat berilishi, alohida hollarda, masalan homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkinligi qayd etilgan. Biroq yuqoridagi qonun bilan mazkur normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bunga sabab endilikda nikoh tuzish FHDYOga ariza berganidan keyin bir oy o‘tgach emas, balki ariza berganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin amalga oshirilishi haqidagi o‘zgartirishlardir. Ammo, nikoh tuzish ariza berganidan va tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin qancha muddat davomida o‘tkazilishi noaniqligicha qoldi.

Shunga ko‘ra, mazkur normaning qabul qilinishi alohida hollarda, ya’ni homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa holatlarda nikohni ariza berilgan kunning o‘zida tuzish imkoniyatini cheklashga olib kelishi va bu o‘z navbatida nikohlanuvchi shaxslarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, Oila kodeksining amaldagi 17-moddasiga muvofiq nikohlanuvchi shaxslar 50 yoshdan oshgan bo‘lsa va boshqa holatlar mavjud bo‘lganda tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.

Endigi o‘zgartirishlarga ko‘ra, 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki o‘rtada bolasi (bolalari) bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar uchun shuningdek, homilador ayol va uning tug‘ilajak bolasini o‘z bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish ixtiyoriy. Ya’ni ayrim shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi nikohlanuvchilarning aynan o‘z roziligi bilan emas, ixtiyoriy ravishda bo‘ladi.

Oila kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishda nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish FHDYOga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Biroq, ushbu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagani, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur o‘rganilib, tahlil qilinmagani ta’kidlandi.

Jumladan, qonun tashabbuskorlari ayrim xorijiy mamlakatlarda nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjud emasligi yoki ularning qisqaligini aytgan, biroq tizim o‘zaro yaqin bo‘lgan boshqa bir qator xorijiy va MDH davlatlarida ushbu muddatlar hali ham mavjud.

  • Masalan, Rossiyada — 1 oydan kam bo‘lmagan va 12 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda,
  • Armanistonda — 1 oydan kam bo‘lmagan 3 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda,
  • Ozarbayjon va Qozog‘istonda — 1 oy muddatda hamda boshqa ko‘plab mamlakatlarda nikoh tuzishda tegishli muddatlar saqlanib qolgan.

«Amaldagi norma va qoidalar, ya’ni nikohni qayd etishdagi muddatlarning mavjudligi nikohdan o‘tuvchilarning o‘z qarorlarini puxta o‘ylab ko‘rishlariga, yoshlar tomonidan shoshma-shosharlik bilan nikohdan o‘tishga yo‘l qo‘ymaslikka, ularni oilaviy hayotga tayyorlashga, mamlakatda ajrashishlar sonining kamayishiga imkon berishi mumkinligi jihatidan talqin etilmoqda», — deyiladi xabarda.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar qonunni rad qilish to‘g‘risida qarorni qabul qildi.