Shveysariya Federal jinoiy sudining apellyatsiya palatasi Gulnora Karimovaning advokatlari kiritgan korrupsiya ayblovlari bo‘yicha shikoyatini qisman qanoatlantirdi. Mazkur sud qarori unga muzlatib qo‘yilgan 293 mln frank (303 mln dollar) mablag‘ni qaytarib olishga yordam berishi mumkin, deb yozmoqda Bloomberg Law.

Shveysariya prokurorlari 2012 yildan beri Gulnora Karimova va o‘zbek bozoriga kirish uchun go‘yoki unga pul to‘lagan mobil aloqa operatorlari bilan bog‘liq korrupsiya mojarosini tergov qilmoqda. Gulnara Karimova uchta telekommunikatsiya — MTS i VimpelCom (hozir — Veon, brend Beeline) va TeliaSonera (hozir — Telia Company, ilgari Ucell savdo belgisiga egalik qilgan) kompaniyalaridan pora tariqasida olingan 865 mln AQSh dollari miqdoridan ortiq korrupsiyaviy sxemalarda ishtirok etganlikda va pul yuvishda ayblanmoqda.

Bloomberg Law, ma’lumotlariga ko‘ra, Shveysariyaning birinchi instansiya sudi Gulnora Karimova O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi sifatida, de-fakto O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorida katta ta’sir doirasiga ega davlat xizmatchisi maqomiga ega bo‘lgan. «Davlat xizmatchisining rolini bunday keng talqin qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deyiladi apellyatsiya palatasi qarorida.

Bu qaror Karimovaga qarshi tergovda tub burilish hisoblanadi, deya ta’kidlashdi uning advokatlari Greguar Manja va Fanni Margayraz juma kuni kechqurun Keystone-SDA agentligiga bergan intervyusida. Shu tarzda Federal prokuratura asoslangan ayblovlar shubha ostiga olindi.

Himoyachilar shuningdek, Shveysariya prokuraturasining ayblov strategiyasini ham tanqid qildi. Apellyatsiya palatasi qo‘shimcha ish yuritish doirasida Karimovaning mablag‘larini musodara qilish aybsizlik prezumpsiyasini buzganligini va asosiy tergov hali ham davom etayotganini aniqladi.

Greguar Manja Twitter`da «293 mln frankning musodarasi bekor qilinganini» yozib qoldirdi.

Agentlik qayd etishicha, sud qarori Karimovaga o‘zining muzlatib qo‘yilgan mablag‘larining bir qismini qaytarib olishga yordam beradi. Gap 293 mln Shveysariya franki ($303 mln) haqida ketmoqda. Bu O‘zbekiston mamlakatga qaytarmoqchi bo‘lgan xorijiy aktivlar miqdorining chorak qismidan sal ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 18 martda Toshkent shahar sudi hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan edi.

2019 yil mart oyida AQSh Gulnora Karimova va «O‘zdunrobita»ning sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni korrupsiya va 865 mln dollardan ko‘proq pulni «yuvgan"likda ayblagan edi. 24 iyunda esa Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova ishi bo‘yicha muzlatilgan 130 mln shveysar kronasi [$133,7 mln] miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgan edi.

2020 yilning may oyiga kelib, Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Fransiyadan qaytarilgan. sentabrga kelib, Shveysariya hukumati musodara qilingan pul mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish shartlari bo‘yicha mamlakat hukumatlari kelishuvga erishganini ma’lum qildi. O‘shanda Karimovaning Shveysariyadagi hisoblaridan olingan 131 mln dollarlik mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishi aytilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» ijtimoiy tarmoqlarda Karimovaning sog‘ligi og‘irlashganiga oid tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan bog‘langan edi. «Uning ahvoli yaxshi, COVID-19`ga chalinmagan, o‘pka pnevmoniyasi ham yo‘q», — deyilgandi xabarda.

Qolaversa, 2022 yilning 30 iyunida Kanadaning The Globe and Mail nashri Gulnora Karimovaga tegishli ekani taxmin qilinayotgan hashamatli ko‘chmas mulk u qamoqdalik vaqtida 68,4 mln dollarga qayta sotilgan bo‘lishi mumkin, deya xabar bergandi.