20 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining XXXI sessiyasida deputatlar O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

JK matbuot xizmati xabar berishicha, respublika parlamenti 2 iyuldan boshlab bir oy muddatga joriy etilgan favqulodda holatni yumshatishni so‘radi.

Avvalroq, «Yangi O‘zbekiston» gazetasi murojaatda favqulodda holatni bekor qilish so‘ralgani haqida xabar bergandi. Bundan tashqari, xalq vakillari ommaviy tartibsizliklarni sodir etganlikda gumonlangan aybsiz fuqarolarni, xususan, yoshlarni afv etishni so‘ragani aytilgandi. Ayni vaqtda mazkur xabar tahrirlangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, iyul oyi boshidagi voqealari oqibatida rasman 21 kishi halok bo‘ldi va 274 kishi esa jarohatlandi, biroq, necha kishi hibsda qolayotgani ma’lum qilinmadi.

Voqealardan so‘ng 500 dan ortiq fuqaro hibsga olingani, ularning ko‘pchiligiga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qo‘yib yuborilayotgani aytilgandi.

Hozirda Qoraqalpog‘istonda 1−2 iyul voqealarini o‘rganish, fuqarolarning huquq va erkinliklari buzilishini aniqlash bo‘yicha parlament komissiyasi ish olib bormoqda. Unga ombudsman Feruza Eshmatova rahbarlik qilmoqda.

Respublikada hanuz internetga kirish cheklangan. Nukus aholisi internet har kuni qisqa vaqtga yoqilayotganini ma’lum qildi.