3 iyuldan beri favqulodda holat joriy etilgan Qoraqalpog‘istonda taxminan soat 13:45 lar atrofida internet yana ishlay boshladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Nukus aholisi xabar berdi.

Telegram-kanallarda co‘nggi ikki hafta ichida ilk bor xabarlar paydo bo‘la boshladi. Saytlar ham yana yangilana boshladi.

Hozircha bu internetning vaqtincha yoqilishimi yoki endi u doimiy ravishda ishlaydimi noma’lum. Rasmiy munosabat bildirilmadi. «Gazeta.uz» internetga kirish imkonini yaratib beruvchi davlat organlari va kompaniyalarga so‘rov yubordi.

5 iyul kuni e’lon qilgan reportajimizda internet o‘chirilishi Qoraqalpog‘iston aholisi hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida yozgandik.

O‘sha kuniyoq BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet O‘zbekiston hukumatini internet cheklovlarini bekor qilishga chaqirdi va «ushbu chora tanlab bo‘lmaydigan xarakterga ega ekanligini va boshqa huquqlar qatorida so‘z erkinligi va ma’lumotdan foydalanish kabi bazaviy huquqlarga keng ta’sir qilishini» ta’kidladi.

6 iyul kuni O‘zbekiston TIV Qoraqalpog‘istonda uyali aloqa va internet «soxta yangiliklarni tarqatib, dushman kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga uringanlari» sababli cheklanganini ma’lum qildi.