Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida iyul boshida yuz bergan voqealarni o‘rganish va ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma komissiyani tuzdi. Tegishli qaror juma kuni bo‘lib o‘tgan palatalarning qo‘shma yig‘ilishida qabul qilindi, deb xabar berdi Senat.

Qo‘shma majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpog‘istonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasiga doir murojaati ko‘rib chiqildi.


Komissiya tarkibiga Oliy Majlis vakillari va xalq deputatlari, nodavlat notijorat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari kiritildi.

Komissiyaga rahbarlik qilish ombudsman Feruza Eshmatova zimmasiga yuklatildi.

«O‘tkazilgan tekshiruv natijalari e’lon qilinadi va O‘zbekiston jamoatchiligi va jahon hamjamiyatiga yetkaziladi», — deyiladi xabarda.

Qarorga muvofiq, komissiya:

  • inson huquqlari, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini buzish bilan bog‘liq holatlar va hodisalarni chuqur o‘rganib chiqadi;
  • shaffoflikni ta’minlash maqsadida Komissiya faoliyati doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hujjatlashtirilishini, shu jumladan audio-, foto- va video qayd etish vositalari yordamida qayd etilishini tashkil etadi;
  • o‘rganish natijalari bo‘yicha yakuniy axborot tayyorlab, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga taqdim etadi.

Komissiya tarkibi:


1−2 iyul kunlari Nukusda ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu Konstitutsiyaning 70−75 moddalariga o‘zgartirish kiritishga qarshi chiqqan Qoraqalpog‘iston aholisining yakka va jamoaviy murojaatlari ortidan sodir bo‘ldi. Rasmiylar fuqarolarning chiqishlariga munosabat bildirmadi, biroq, respublikada internetga kirish cheklab qo‘yildi.

Namoyishlar tartibsizliklarga ulanib ketdi, buning oqibatida esa 18 kishi halok bo‘ldi, 243 kishi, shu jumladan, 38 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jarohatlandi. 4 iyul kuni shifoxonalarda 94 kishi davolanayotgani haqida ma’lum qilindi, ularning orasida og‘ir jarohat olganlar ham bor.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus voqealarida ishtirok etgan barcha tomonlar harakatiga adolatli baho berish kerakligini ta’kidladi. Kuch tuzilmalari tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik ta’minlanishi aytildi.