15 iyul kuni Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonun loyihasining ommaviy muhokamasi yakunlanadi. «Gazeta.uz» oldinroq amaldagi moddalar va taklif etilayotgan o‘zgartirishlar jadvalini taqqoslash uchun e’lon qilgan edi. Muhokamalarni 10 kundan 20 kungacha uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilib hamda oldingi muddat qisqaligini tan olgan holda, deputatlar ushbu jarayonda fuqarolarning misli ko‘rilmagan faolligini qayd etishgan edi. Ular hujjat butun O‘zbekiston xalqining taqdirini hal qilishini va aynan xalqning o‘zi o‘zgartirishlarning muallifi va manbasi bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edilar. «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov o‘z fuqarolik huquqidan foydalangan holda taqdim etilgan qonun loyihasi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsion islohotlar fonida ro‘y bergan fojeali voqealar vaqtida Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesidagi chiqishida deputatlarga savol bilan yuzlandi: «Mana shu o‘zlaring bosh bo‘lib, o‘zlaring tashabbus bilan chiqib, o‘zlaring so‘zga chiqib, o‘zlaring tasdiqlagansizlar. Nimaga menga odamlar norozi deb, telefon qilib aytmadinglar?»

Qoraqalpog‘istondagi voqealar konstitutsion islohotlarning aynan hokimiyatning uchta tarmog‘i bir-biridan haqiqatda mustaqil bo‘lishini va bir-birini tiyib turish mexanizmiga ega bo‘lishini ta’minlash, aholi bilan muloqot, fikrni tinch yo‘l bilan bildirish huquqlarining kafolatlanishi va qonunni buzmayotgan OAVlar faoliyatiga aralashmaslik nuqtai nazaridan dolzarb ekanligini yana bir marotaba namoyish qildi.

Qiziq tomoni shundaki, konstitutsion komissiya bir oyning o‘zidayoq 60 mingdan ortiq takliflarni tahlil qilishga (25 iyun holatiga ko‘ra, kuniga 1600 dan ortiq!), qonun loyihasining matnini tayyorlashga va parlamentning quyi palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritishga ulgurgan.

Mafkura va maqsadlari turlicha bo‘lishi kerak bo‘lgan 5 partiya vakillaridan iborat quyi parlamant qonun loyihasini bir ovozda ma’qullagani ham e’tiborga molik. Asosiy qonunning 64 ta moddasiga kiritish taklif etilgan 200 ta o‘zgartirish va 16 ta yangi normani kiritadigan 6 ta yangi moddani muhokama qilish uchun boshlanishida 10 kun berilgani ham e’tiborni tortadi — keiynroq shu 10 kun juda kam ekanligi ta’kidlandi.

Na konstitutsion komissiya va na deputatlar 70−75 moddalarga taklif etilgan o‘zgartirishlar va Qoraqalpog‘istonning amaldagi Konstitutsiyasining 1 va 9- moddalari o‘rtasidagi ziddiyatni payqashmagani ham e’tiborga molik. Vaholanki, deputatlar va komissiya a’zolari orasida huquqshunoslar bo‘lsa kerak?

Ziddiyatlar

O‘ylashimcha, tiyib turish mexanizmlari ishlagan taqdirda parlament a’zolari keskin muhokamalar vaqtida qonun loyihasi matniga kiritilgan shu va shunga o‘xshash ziddiyatlarga e’tibor qaratishgan bo‘lishardi.

Masalan:

  • muqaddimada «…jahon va islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning madaniy merosiga tayanib» deyiladi. Islom sivilizatsiyasi jahon sivilizatsiyasining bir qismi, undan alohida sivilizatsiya emas;
  • yana muqaddimada, shuningdek, «yoshlarning munosib hayot kechirishini … ta’minlashga intilib», deyiladi. Konstitutsiyaning amaldagi tahririda barcha fuqarolar ko‘rsatilgan, taklif etilayotgan matn esa aholining boshqa guruhlarini kamsitadigandek tuyulmoqda;
  • 27- (uy-joy daxlsizligi), 53- (shaxsiy mulkning daxlsizligi va uning davlat tomonidan himoya qilinishi) va 53−1- (sud orqali mol-mulkdan mahrum etilish mumkinligi) moddalar o‘rtasidagi ziddiyatlar. 53−1 moddaning taklif etilayotgan tahririda «sud orqali mol-mulkdan mahrum etish» va «alohida hollarda mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravish olib qo‘yish» — bu turli xil tushunchalar va jarayonlar. Bunday bir-biriga mos kelmaydigan normalar «investorlar» uchun fuqarolarni o‘zlariga ma’qul hududlardan majburan ko‘chirish maqsadida sudga murojaat qilish yoki qonunda belgilangan tartibda majburiy ravishda mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish uchun ajoyib imkoniyat yaratishi mumkin.
  • 55-moddada «tabiiy resurslar umummilliy boylikdir» va «ular davlat mulkida bo‘ladi» deyiladi. O‘ylashimcha, «umummilliy boylik» va «davlat mulki» — turli xil tushunchalar: umummilliy boylikni davlat jamiyat nomidan uni saqlab qolish va ko‘paytirish maqsadida boshqaradi, mulkni esa o‘z xohishiga ko‘ra ishlatishi mumkin.
  • 76-modda (Oliy Majlis oliy vakillik organi sifatida) va 78-moddaning birinchi qismi 4 bandiga taklif etilgan o‘zgartirishlar (Oliy Majlisning ichki va tashqi siyosatiga oid masalalarni belgilash o‘rniga ularni faqat ko‘rib chiqishi) va 93-moddaning birinchi qismi 7 bandi (mamlakatning ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga murojaat qilish huquqi o‘rniga prezidentning ichki va tashqi siyosatning strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilashi hamda ularning ijro etilishiga oid masalalar yuzasidan Oliy Majlisga murojaatnomalar yo‘llashi) o‘rtasidagi ziddiyatlar. Aynan aholining turli qatlamlari manfaatlarini himoya qiladigan eng yuqori qonunchiqaruvchi organ bo‘lmish Oliy Majlis mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashi lozim. Parlament bitta odam tomonidan belgilangan siyosatni amalga oshiradigan organga aylanishi kerak emas.

Takrorlanishlar

Ushbu ziddiyatlardan tashqari, taklif etilayotgan o‘zgarishlarda Konstitutsiyada mavjud bo‘lgan normalarning keraksiz takrorlanishlari (boshqa so‘zlar bilan perefraza qilinishi) ham kam emas, bu esa asosiy qonunning hajmini shishiradi.

Misol uchun:

  • 1-modda. 14 modda (davlat faoliyatining ijtimoiy adolat prinsiplariga asoslanishi) davlatning ijtimoiy xarakterini, 15 modda (Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligi) — uning huquqiy xarakterini, 61 modda esa (dinning davlatdan ajratilganligi) — uning dunyoviy xaraktirini namoyish qiladi. Shu sababli ham tushunarli va lo‘nda bo‘lgan 1 moddani ortiqcha gaplar bilan to‘ldirish shart emas.
  • 15-modda. Amaldagi tahrirning 15 moddasida belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining so‘zsiz ustuvorligi hamda 16 moddada belgilangan qonunlar va normativ-huquqiy aktlarning Konstitutsiya normalari va prinsiplariga zid kelishiga yo‘l qo‘yilmasligi «O‘zbekiston Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va butun mamlakat hududida qo‘llanilishi»ni anglatadi.
  • 18-modda. Konstitutsiyaning amaldagi tahriri muqaddimasida umum e’tirof etilgan xalqaro huquq normalari ustuvorligining tan olinishi «O‘zbekiston Respublikasida inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalariga binoan e’tirof etilishi va kafolatlanishini» anglatadi.
  • 28-modda. Amaldagi tahrir respublika hududi bo‘yicha erkin harakatlanish, mamlakatga kirish va undan chiqish huquqini kafolatlaydi, bu esa «respublikadan tashqariga chiqish huquqi» va «O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqi»ni bildiradi.
  • 29-modda. Ma’lumotni izlash, olish va tarqatish huquqi bir vaqtning o‘zida bu maqsadlar uchun internetdan foydalanish huquqini ham bildiradi.
  • 36-modda. Mulk o‘z navbatida intellektual bo‘lishi ham mumkin. Bunday tavtologiyalar iqtisodchi Behzod Hoshimovning Konstitutsiyaga o‘zgartirishlardagi «Shakaning modeli» haqidagi mulohazalarida keltirib o‘tgan «barcha fuqarolar yashash huquqiga ega, shu jumladan, boshida sochi yo‘q fuqarolar — tepakallar ham shu huquqiga ega bo‘lsinlar» misolini eslatadi.

Shu va boshqa ortiqcha qo‘shimchalardan tashqari, Konstitutsiyaga boshqa qonuniy aktlar tomonidan belgilanishi kerak bo‘lgan normalarning qo‘shilishini ham ko‘rish mumkin. Masalan, Jinoyat yoki Jinoyat-protsessual kodeksi (26 moddaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar va yangi 26−1, 26−2 moddalar), Mehnat kodeksi (31 moddaga o‘zgartirishlar), ta’lim to‘g‘risidagi qonun (41 moddaga o‘zgartirish), Oila kodeksi (63 moddaga o‘zgartirish) singari boshqa qonunlar bilan tartibga solinishi kerak bo‘lgan masalalar kiritilgan.

Konstitutsiya — boshqa barcha qonunlar tayanadigan qonun, lekin u boshqa barcha kodekslar va qonunlarni o‘z ichiga sig‘dirolmaydi.

O‘zgartirishlarda nima yetishmayapti?

Mening fikrimcha, muhokama uchun e’lon qilingan qonun loyihasida hokimiyat bo‘linishi va reprezentativ demokratiyaning mustahkamlanishiga oid o‘zgartirishlar yetishmaydi.

Sharl Lui Monteskyu tomonidan tavsiflangan hokimiyatning uchta tarmog‘i klassik modeliga qaytsak. «Davlat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyat yuritishini va o‘zaro hamkorligini ta’minlovchi» hokimiyat tarmog‘ining mavjudligi (89-modda) ushbu modelga va Konstitutsiyaning 11 moddasiga (davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linishi) zid va ushbu tarmoqlarning mustaqilligiga putur yetkazadi. Nazarimda, 1992 yilgi Konstitutsiyaning dastlabki tahririda bo‘lganidek, prezidentning davlat va ijro hokimiyati rahbari maqomini qaytarish lozim.

  • Ҳокимият almashinuvi. Hokimiyat almashinuvi tamoyilini mustahkamlash va turlicha talqinlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 90-moddaning birinchi qismidagi «ketma-ket» so‘zini olib tashlashni, shuningdek, davlat rahbarining vakolat muddatlari besh yil bo‘lishini qoldirishni taklif etaman.
  • Saylovlardagi raqobat. Saylovlar oldidan mamlakatda doimiy yashash bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashni, shuningdek, fuqarolarga davlat rahbari lavozimiga nomzod ko‘rsatish (o‘zini o‘zi nomzod sifatida ko‘rsatish) huquqini berishni ham taklif qilaman. Bu saylovlarni kuzatish va saylovlarda haqiqiy raqobatbardoshlikni ta’minlash bo‘yicha YeXHT DIIHB missiyasi tavsiyalarini bajarish imkonini beradi. Ma’lumot uchun, missiyaning 2021 yilgi saylovlar yakunlari bo‘yicha yakuniy hisobotida saylovlarda haqiqiy raqobat kuzatilmaganligi aytilgan edi. 2009 yilga qadar O‘zbekistonda prezidentlikka nomzodlarni fuqarolarning tashabbuskor guruhlaridan ko‘rsatish imkoniyati mavjud edi.
  • Tiyib turish mexanizmlari. Davlat rahbari muayyan shartlar asosida parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega ekanligini (95-modda) inobatga olib, shuningdek, o‘zaro tiyib turish va muvozanat tamoyilini ta’minlash maqsadida parlamentning davlat rahbariga impichment e’lon qilish huquqi to‘g‘risidagi normani ham kiritish zarur, deb o‘ylayman.
  • Hududiy miqyosda hokimiyatlarning bo‘linishi va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish. Bu uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat rahbarlarining qonun chiqaruvchi hokimiyat yuqori palatasi — Senatga saylanish, parlament yoki mahalliy kengash deputati bo‘lish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida lavozim egallash, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish yoki tijorat korxonalarining yakuniy benefitsiari bo‘lishini ta’qiqlash lozim.
  • Hududlar rahbarlarining saylanishi. Mahalliy ijro hokimiyati rahbari mahalliy aholi tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan ikki muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga saylanishi to‘g‘risidagi normani kiritishni taklif qilaman. Mahalliy ijro hokimiyati rahbarlarini saylash tartibiga o‘tish zarurligi haqida Prezident ham bir necha bor ta’kidlagan edi.
  • Ijro hokimiyati hududiy vakillik hokimiyati (mahalliy kengash) oldida hisobdor bo‘lishi. Mahalliy ijro hokimiyati rahbari mahalliy kengash oldida hisobdor bo‘lishi va kengash tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan hududni rivojlantirish siyosatini amalga oshirishi lozim, aksincha bo‘lishi kerak emas — hozir esa kengash hokim tomonidan taqdim etilgan hududni rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni, bosh rejani va tuman, shaharlardagi qurilish qoidalarini tasdiqlashi taklif qilinmoqda (100 moddaga taklif etilgan o‘zgartirishlar). Shuningdek, kengash ma’lum sharoitlarda unga nisbatan ishonchsizlik votumi e’lon qilish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
  • Xalq hokimiyati. 2- va 7-moddalar (xalq hokimiyatchiligi) qoidalarini to‘liq hayotga tadbiq qilish uchun senatorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash mexanizmini joriy etish (qaysi hududdan vakil sifatida Senat ishida qatnashadigan bo‘lsa, shu hudud aholisi tomonidan saylanishi) va senatorlarni davlat rahbari farmoni asosida tayinlash amaliyotidan voz kechish, shuningdek, deputatlik va senatorlikka mustaqil nomzodlar ko‘rsatish (o‘zini-o‘zi nomzod sifatida ko‘rsatish) institutini mustahkamlashni taklif etaman.
  • Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi javobgarligi. Ushbu tamoyilni amalga oshirish maqsadida deputat yoki senatorning saylovchilar tomonidan mandatini chaqirib olish (bekor qilish) institutini joriy etishni taklif etaman.

Hokimiyat tarmoqlarining mustaqilligi, boshqa tarmoqlar tomonidan vakolatlarning ehtimoliy su’istemol qilinishiga qarshi kurasha oladigan mexanizmlar borligi, jamiyatda mavjud turli xil fikrlarning hokimiyat organlarida va OAV orqali taqdim etilishi (Qoraqalpog‘istondagi voqealardan so‘ng muloqot va kommunikatsiyaning yo‘qligi haqida ko‘pchilik gapirdi — jurnalist va ekspertlardan tortib Senat raisigacha), shuningdek, o‘zimiz qabul qilgan qonunlar va normalarni hurmat qilish va ularga rioya qilish mamlakatning barqarorligini ta’minlaydi hamda shunga o‘xshash inqirozlarni to‘liq bartaraf etmasa-da, ularning xavfini ancha kamaytiradi. Islohotlarning ustuvor maqsadi ham aynan shu bo‘lishi lozim.

O‘zimiz qabul qilgan qonunlarning hurmat qilinishi va ularga rioya etilishi haqida. Konstitutsiya senzurani taqiqlaydi, chunki aynan OAV kommunikatsiya va muloqotni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi. Ular «ehtiroslarni» muhokamalar tomon yo‘naltiradi va har bir tomonga o‘z pozitsiyasini boshqa tomonga yetkazishga, ko‘chalarda va maydonlarda emas, qog‘ozda «xumoridan chiqishga» imkoniyat yaratadi.

Va har safar «yuqoridagi» kimdir «chegaradan chiqib ketgan» tahririyat muharririga telefon qilishni xohlab qolganida, ma’lumot ustidan keng va istalgancha nazorat o‘rnatilishi qimmatga tushishini va bu negativ to‘lqinlarni keltirib chiqarishini yodda tutish lozim. Mahalliy OAVda mavjud bo‘lmagan ma’lumot va tahlilning o‘rnini tezda, ehtimol o‘z maqsadlariga ega xorijiy OAVlar yoki tushunarsiz Telegram-kanallar egallab oladi. Bunday kanallar o‘z materiallari haqqoniyligi bo‘yicha mas’uliyatni his qilmaydi va bunday holda feyklarga ishonmaslik bo‘yicha chaqiriqlar ham yordam berolmasligi mumkin.