Prezidentning 16 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga xorijga chiqish biometrik pasportini berishga doir davlat xizmati ko‘rsatish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-282-son] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonning chet davlatlardagi konsullik muassasasida konsullik ro‘yxatida turuvchi O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga oid davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish tizimi quyidagi axborot tizimlariga integratsiya qilinadi:

  • «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimiga — nikoh va oila a’zolari, vafot etganlik, yolg‘iz ona yoki yolg‘iz ota haqidagi ma’lumotlarni olish uchun;
  • «Notarius» axborot tizimiga — vasiylar va ota-onalarning roziligini, hamrohlik qiluvchi shaxsning majburiyatini tekshirish uchun;
  • «Tezkor ma’lumotlar» axborot tizimiga — sudlanganlik, ma’muriy nazoratda turganlik, shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan va shartli hukm qo‘llanilganlik, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganlik holatlarini tekshirish uchun;
  • «Manzil» axborot tizimiga — ota-onadan birining O‘zbekiston hududidagi doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxati xorijga doimiy yashashga ketganligi munosabati bilan bekor qilinganligini tekshirish uchun;
  • «Yagona milliy mehnat tizimi» axborot tizimiga — oxirgi 5 yilda ishlagan joyi haqidagi ma’lumotlarni olish uchun;
  • «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» tizimiga — ushbu axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish uchun;
  • «TIEK» axborot tizimiga — I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish uchun.

2022 yil 1 avgustgacha Xorijga chiqish pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati YAIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilishi amaliyotga to‘liq joriy qilinadi.

YAIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan davlat boji summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron to‘lanishi imkoniyati yaratiladi.